Chindan ham o'zini portlatib, insonlar umriga zomin bo'lish ulkan gunohdir
"Shahidlik" va "jihod" tushuchalarini buzib talqin etuvchilarga
Chindan ham o'zini portlatib, insonlar umriga zomin bo'lish ulkan gunohdir. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) Vado hajida:
"Ey odamlar, xoh o'zingizning va xoh bir-birlaringizning qoningizni to'kishingizni Alloh harom qildi...", -
deganlar.
Buzg'unchi guruhlar va ba'zi shaxslar o'z joniga qasd qilishni shahidlik bilan qorishtirib talqin qilyapti. Shaxsning o'zini o'zi o'ldirishini "shahidlik" deyish katta xatodir.
"Shahid" so'zi lug'atda "guvoh" yoki "ko'rgan-bilgani haqida xabar beruvchi kishi" ma'nolarini ifodalaydi. Din yoki ona-Vatan himoyasi yo'lida jon fido etgan musulmon ham "shahid" deyiladi. Shuningdek, "shahid" Alloh taoloning sifatlaridan boʻlib, "guvohligi ishonchli, har doim hozir Zot" degan ma'nolarni anglatadi.
Kishining o'zini o'zi o'ldirishi "o'z joniga qasd qilish" deb baholanadi. Shariat nuqtai nazaridan bu ish qattiq qoralanadi. Alloh taolo ogohlantiradi: "...o'z qo'llaringiz bilan o'zlaringizni halokatga tashlamangiz!." (Baqara, 195);
"Kimda-kim qasddan bir mo'minni o'ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g'azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo'ygay" (Niso, 93).
Aqoidga ko'ra, taqiqlangan gunoh ishni halol deb e'tiqod qilsa yoki farzlardan birini
inkor etsa, kofir bo'lib qoladi. Ushbu oyatda nohaq qon to'kishni halol degan e'tiqodda qotillik qilgan kishi to'g'risidagi hukm bayon etilmoqda. Hadisi sharifda: "Qiyomat kuni birinchi savol nohaq to'kilgan qon to'g'risida boʻladi", - deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati)
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan ri- voyat qilingan hadisda Payg'ambar (alayhissalom) aytadilar: "Kim o'zini tog'dan tashlab o'ldirsa, u jahannam o'tida mana shunday holatda abadiy azoblanadi. Kim zahar ichib, o'ziga suiqasd qilsa, jahannam o'tida qo'lidagi zaharni ichgan holda abadiy azoblanadi. Kim o'zini temir bilan o'ldirsa, jahannam o'tida temirini qorniga urgan holda abadiy azoblanadi" (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu mudhish holat, ayni paytda, Alloh taoloning qazoi qadariga ham isyondir. Inson hayot ne'matini avaylashi, unga xiyonat qilmasligi lozim, aks holda, eng og'ir jinoyatga qo'l urgan, bo'yniga katta gunohni ortib olgan boʻladi.
Buzg'unchilarning aldovlariga uchib, o'zlarini portlatib yuborayotgan kimsalar ikki karra katta gunohga qo'l urishyapti, chunki ular bu qabihlik bilan qanchadan qancha aybsiz kishilarning ham umriga zomin boʻlishmoqda.
Qur'oni karimda: "...Biror jonni o'ldirma-gan yoki Yerda (buzg'unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o'ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o'ldirgan kabidir..." (Moida, 32), - deyilgan
Ma'lumki, Islom manbalarida: "O'z joniga qasd qilgan kishiga ulamolar va masjid imomi boshchiligida janoza o'qish durust emas", - deyilgan. Demak, ko'ngli kir kimsalarning "to'ppa-to'g'ri jannatga kirish haqidagi va'dalariga aldanib, xudkushlikka qo'l urayotganlar, aslida o'sha boshliqlarining manfur maqsadlari yo'lida itdek o'lim topishdan boshqa narsaga erisha olmaydilar.
Kezi kelganda, ayrim toifalar iddao qilayotgan "jihod" so'zining ma'no-mazmuniga ham to'xtalib o'tsak. "Jihod" so'zi lug'atda kishi o'zining bor imkoniyatini ishga solib, biror ishni bajarishga harakat qilishi ma'nosini anglatadi. Misol, shar'iy masalalarni yechishda bor imkonini ishga solib, harakat qilgan yirik olimlar "mujtahid" deb atalgan. Ular shar'iy ilmlarda "jihod" qilishgan.
Alohida ta'kidlab aytish lozimki, "jihod" so'zi lug'atda "urush" ma'nosini anglatmaydi.
Urush boshqa so'zlar bilan ifoda etiladi. Urush ma'nosini anglatish uchun arab tilida, asosan, "qitol" so'zi ishlatiladi. Jihod so'zining lug'aviy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, maʼlum davrlarda xalqlarning bosqinchilarga qarshi jon-jahdi bilan jang qilishi ham jihod deyilgan. Keyinchalik ushbu oxirgi ma'no boshqalaridan ustun kelib, "jihod" deganda ayrim g'o'r kimsalar faqat urushni tushunadigan bo'lib qolishdi.
Bir hadisi sharifda Payg'ambar (alayhissalom): "Jihodning eng afzali kishining o'z nafsi va havosiga qarshi kurashmog'idir", - deganlar (Ibn Moja rivoyati).
Hozir esa buzg'unchi toifalar o'zlari ilgari surayotgan yovuz maqsadga erishish uchun yangi "jihod" turlarini o'ylab topishyapti. Ular "jihod - muqaddas urush" degan tu- shunchani targ'ib qilib, aybsiz odamlarning qoni nohaq to'kilishiga sababchi bo'lishmoqda. Bunga dunyoning turli nuqtalarida "jihod" yoki "shahidlik" niqobi ostida amalga oshirilayotgan qo'poruvchiliklar misol bo'ladi. Ayniqsa, Afg'oniston, Pokiston, Suriya va Iroq davlatlarida xudkushliklar oqibatida begunoh kishilar va yosh bolalarning halok bo'lishi ko'paygani juda achinarli holdir. Dog'istonda imom-xatibning hayotiga suiqasd uyushtirilgani va Iroqda hatto Allohning uyi masjidlarda ham qo'poruvchilik sodir etilayotgani, Suriyada bo'lgan bir xunrezlik oqibatida 20 dan ziyod begunoh go'dak hayotdan ko'z yumgani kabi juda og'ir musibatlar terrorchi kuchlar insoniyatga qarshi naqadar shafqatsiz urush ochganini ko'rsatadi.
Shu o'rinda mashhur olim, marhum Muhammad Said Ramazon Butiyning quyidagi so'zlarini keltirish lozim:
"Ular bir vaqtning o'zida biror aybi yo'q musulmonlarni kechasi bo'g'izlab ketishni "shariat ruxsat bergan ish", - deydilar. Ular oddiy yo'lovchilar to'la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo'shib portlatib yuborishni ham "shariatda bor ish" deydilar. Har kim ko'zlarini yumib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. Ul zot shunday razil ishlarga rozi bo'larmi- dilar?"
Muborak Islom dinida begunoh inson qonini to'kish buzg'unchilikning eng ulkan ko'rinishi hisoblanadi. Dinimiz hatto chumoliga ozor berishdan ham qaytaradi. Bunday vahshiylikni qilayotganlar dinga e'tiqod qo'ygani haqida qancha lof urmasin, qilgan yovuzliklari bu da'volari soxta ekanini fosh etmoqda.
Habibulloh Saidov
Surxondaryo viloyati Termiz shahar" Hakim-Termiziy" jome masjidi imom-noibi