Islom sivilizatsiyasi insoniyat tarixida ilm, ma’rifat, axloq va taraqqiyotning yuksak namunalarini namoyon etgan buyuk sivilizatsiyalardan biridir. Qur’oni karimda ilm olishga chaqiruvchi ilk oyat — “Iqro’!” (“O‘qi!”) bo‘lishi islom dinining ilm-ma’rifatga naqadar yuksak e’tibor berishini yaqqol ko‘rsatadi. Islom sivilizatsiyasi asosida shakllangan ilmiy muhit Sharq uyg‘onishiga, keyinchalik esa jahon Renessansiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.