Alloh biz mo‘minlarga farz qilgan Ramazon ro‘zasining inson uchun foydalari juda ham ko‘p. Jumladan:
1. Ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi. Alloh taolo ro‘za haqidagi oyatning oxirida «Shoyadki, taqvodor bo‘lsangiz», deydi. Alloh taoloning «Shoyadki» degani esa «Albatta bo‘lasiz» mazmunidadir. Ochlik ila kishilarni davolovchi tabiblardan biriga: «Siz ro‘za tufayli topgan eng ulkan foyda nima?» deb savol berilganda: «Allohni his etish, ibodat qilishga havas, qisqasi, taqvodorlik», deb javob berdi.
2. Ro‘zaning eng mashhur hikmatlaridan biri sog‘likdir. Ro‘za ixtiyoriy och qolishning eng yaxshi namunasidir. Ro‘za nafaqat sog‘likni saqlash uchun, balki bemorliklarni davolash uchun ham o‘ta zarurligi ta’kidlanmoqda. Hozirgi kunda keng tarqalgan bemorliklarning ko‘plarini musulmon bo‘lmagan yurtlarning tabiblari ochlik — ro‘za tutdirish yo‘li bilan davolamoqdalar. Yakinda o‘ris olimlari ro‘za tutdirish yo‘li bilan davolangan bemorlar ro‘yxatini e’lon qilishdi. Natijalar, kishini hayratda qoldiradi. Hatto saraton kasaliga mubtalo bo‘lganlar ham shu usuldan shifo topganlar.
3. Ro‘zaning foydalaridan yana biri havoi nafsni sindirishidir. Ma’lumki, havoyi nafsning aytganini qilaverish insonni unga qul qilib qo‘yadi. Bora-bora inson havoi nafsi nima desa shuni qiladigan bo‘lib qoladi. Havoi nafs esa insonni hech kachon yaxshi narsaga buyurmaydi. Ro‘za tutgan kishi esa ishtahasi kelib turgan holda turli taom, ichimliklar, shahvoniy narsalar va istaklardan o‘zini tiyish bilan havoi nafsining xohishini sindiradi.
4. Ro‘zador shaytonga qahr ko‘rsatadi. Ma’lumki, la’nati shayton inson bolasini yaxshilikdan qaytarib, yomonlikka boshlab turadi. Inson bolasi yomonlikka yursa shayton alayhilla’na xursand bo‘ladi. Inson bolasi yaxshilikka yursa, Allohning amrini bajo keltirsa, xafa bo‘ladi, o‘zini qahrga qolgan hisoblaydi.
5. Ro‘zadorning qalbi musaffo bo‘ladi. Ro‘za tutgan inson doimo Alloh taoloning kuzatib turganini his qilib yashaydi. Shuning uchun ham, o‘zi yolg‘iz qolganda ham ro‘zasini ochishga jur’at qilolmaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish kishi qalbini musaffo qiladi.
6. Ro‘za tutgan kishilarning gunohlari mag‘firat qilinadi. Bu ma’lum va mashhur haqiqatdir. Ro‘za haqidagi hadisi shariflarni o‘rganish davomida bu haqiqatni yana ham ochiq-oydin ko‘ramiz.
7. Ro‘za tutgan kishi farishtalar sifati ila sifatlanadilar. Ma’lumki, yemaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda bo‘lish farishtalarga xos sifatlardir.
8. Ro‘zadorning sabr-bardoshi ortadi. Bu esa har bir inson uchun juda ham zarur sifatdir. O‘z ixtiyori ila o‘ttiz kun ko‘ngil xohlagan narsalardan o‘zini tiygan kishi keragicha sabr-bardoshga ega bo‘ladi.
9. Ro‘za rahm-shafqat sifatini shakllantiradi va mustahkamlaydi. Ro‘za tuttan kishi o‘z ixtyori ila och qolib, chanqab, turli ko‘ngil xohishlaridan, lazzatli narsalardan vaqtincha mahrum bo‘lish bilan birga, noilojlikdan och qolib, chanqab, dunyo lazzatlaridan bebahra beva-bechora, kambag‘al fuqarolarga nisbatan rahm-shafqatli bo‘ladi.
Bu dunyoda shuncha foyda va manfaatlari bo‘lgan ro‘za uchun oxiratda Janobi Haq huzurida qanday mukofotlar bo‘lishligini endi tasavvur qilavering.