Vatan – bu insonnning kindik qoni to’kilgan muqaddas dargohdir. Vatan — bu ajdodlar yashab o’tgan, el-yurt, xalq voyaga yetgan, uning tili, tarixi, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari shakllanib, o’sib, kamol topib boradigan zamindir. Uni asrab avaylash har birimizning farzandlik burchimizdir. Bugungi kunda dunyoda globallashuv jarayonlari kechayotgan bir paytda vatansizlikni va manqutlikni targ’ib qiluvchi g’oyalarning tarqalishi kabi birmuncha xavotirli jarayonlar ham mavjud. Ayni paytda biz yosh avlodni vatanga sadoqatli ruhda tarbiyalashimiz oldimizda turgan nihoyatda muhim vazifalardandir.ushbu maqsadda uyushmagan yoshlar bilan va maktab, litseylarda tadbirlar uyushtirib yoshlar qalbida vatanga bo’lgan pok muhabbat tuyg’ularini, vatan himoyasi uchun ularning qalbida o’zgacha g’urur shavq uyg’otib va ularda vatanni tanish, anglash, milliy g’urur, vatan tarixini bilish g’oyalarini shakllantirish zarur.
Vatanni onaga qiyoslashadi ko’plab adabiyotlarda “Ona vatan” jumlasini juda ko’p uchratamiz. Onamiz biz uchun qanchalar muqaddas zot. Hadisi sharifda ham “Jannat onalar oyog’i ostidadir” deyiladi. Onalarimiz biz uchun qanchalar umrini baxshida etganining qarzini ado etish uchun umrimiz kamlik qiladi. Ona o’z farzandini dunyoga keltirish uchun nafaqat jismonan balki, ruhan toliqadi. Muqaddas islom dinimiz ham onalar oldidagi vazifamizni alohida ta’kidlab o’tgan. Onamiz oldidagi burchimiz va vazifamiz Vatanga bo’lgan muhabbatimiz bilan uyg’unlashmog’i zarur. Shu aziz Vatanda tug’ildik, o’sdik imkonimiz boricha Vatan ravnaqi yo’lida kuch g’ayratimizni bilim-salohiyatimizni ayamaylik. Uni sevishimiz, ko’z qorachig’idek asrashni burchimiz deb bilamiz.
Ba’zi mamlakatlarda arzimagan sabablarni ro’kach qilib oilalar buzilishi yuzaga kelmoqda. Bu illat bizning vatanimizni ham chetlab o’tgani yo’q. Natijada go’daklar yetim bo’lib qolishmoqda. Bu esa bolalar kelajagiga jiddiy ta’sir qilmoqda. Tarbiyasiz yetim qolgan bolani ko’ngli kemtik bo’lib, kemtik joyni turli maqsaddagi kishilar to’ldirishga urinishi aniq. Mana shunday kemtiklikni vatanparvarlik ruhida to’diraylik. Bir-birimizga mehr-oqibatli bo’laylik. Zero bolalar oiladagi mehrni ko’rib vataniga o’z muhabbatini baxshida etsin. Xulosa qilib shuni ta’kidlamoqchimizki, shu aziz va muqaddas Vatan sizu-bizlarga buyuk ajdodlardan avlodlarga merosdir. Shuning uchun Vatan taraqqiyoti yo’lida ozmi, ko’pmi qo’ldan kelgancha o’z hissamizni qo’shish, Vatan himoyasi yo’lida kerak bo’lsa jonimizni ham fido qilish barchamizning muqaddas burchimizdir.
Boysun tuman “Pulxokim” jome’ masjidi imom – xatibi A. Toshmatov