Bugun shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda globallashuv jarayonlarining ijobiy tomonlari bilan bir qatorda, uning salbiy oqibatlari ham hayotimizga kirib kelmoqda. Shu ma’noda turli ma’naviy tahdidlardan hayotimizni asrash, ma’naviy bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymaslik uchun, avvalambor, sog‘lom g‘oyalar orqali, jahon maydonida yuz berayotgan keskin aql-zakovat va iste’dod musobaqasida bellashuvga qodir bo‘lishimiz lozim.
Bunday bellashuvga kirishadigan shaxsning nafaqat bilimi, balki uning axloqiy qarashlari yuqori darajada shakllangan bo‘lishi lozim. Dunyodagi har bir xalqning tili, xarakteri va tafakkur-tarzi turli bo‘lgani kabi milliy xulq-atvori, odob-axloqi, muomala madaniyati, urf-odatlari ham farqlidir. Bir so‘z bilan aytganda, odob millat tanlamaydi.​
Odob-axloq masalasi Islomda o‘ta muhim o‘rin tutadi. Chunki Alloh taologa qurbat hosil qilishda odobning o‘rni juda muhim. Beodoblik barcha narsani, amalni ham, qalbni ham, tilni ham buzadi. Odobsiz odam biror narsaga erishishi, jamiyatda yaxshi o‘rin topishi mumkin emas. Shuning uchun mashoyihlarimiz: “Kim nimaga erishsa, faqat odob bilan erishadi. Kim nima bilan qulasa, faqat beodoblik bilan qulaydi”, deganlar.
Barcha zamonlarda, hamma o‘lkalarda yaxshi xulqli, oliyjanob, shirinso‘z, halim insonlar jamiyatning ko‘rki, odamlarning a’losi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
Payg‘ambarimiz s.a.v. ham xulq borasida o‘rnak bo‘lganlar. Alloh taolo o‘zining kalomi Qur’oni karimda marhamat qilgan: “Siz buyuk xulq uzradirsiz” deb.
Payg‘ambarimiz s.a.v.ning payg‘ambar bo‘lib kelishlaridan ko‘zlangan asl maqsad ham kamoli xulqni tiklash edi.
U zot s.a.v. bu haqida shunday deganlar: “Men go‘zal xulqlarni kamolga yetkazish uchun yuborildim”, deganlar.
Hozirgi kunda g‘arb madaniyati ta’sirida “odob”ni madaniyat deyish ham joriy bo‘lgan. Misol uchun, “ovqatlanish odobi” deyish o‘rniga “ovqatlanish madaniyati” deyiladi.
Husni xulq (yaxshi, chiroyli xulqqa) qanday qilib erishiladi? Bu haqda odob kitoblarimizda juda ko‘p tavsiya va maslahatlar kelgan:
Abu Dardo r.a.dan rivoyat qilinadi: Nabiy s.a.v: “Tarozida husni xulqdan ko‘ra og‘irroq narsa yo‘qdir” dedilar.
Umar ibn Xattob r.a. “Insonlarga chiroyli xulqlar bilan aralashinglar. Ulardan yaxshi amallar bilan ajralib turinglar”, deb aytganlar.
Yaxshi xulqning bir nechta alomatlari mavjud:
Anas ibn Molik r.a.dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar s.a.v.: “Sizlardan birortangiz to o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar”.
Abu Shurayh al Xuzo’iydan rivoyat qilinadi: “Nabiy s.a.v: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini ikrom qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gapi bo‘lsa aytsin yoki jim tursin”, dedilar”.
Islomda odob –axloq masalasi ibodat darajasiga ko‘tarilgan. Shar’iy odobga amal qilgan kishilarga ajr -savob va’da qilingan va ibodatlarni ado etishda ham odoblar joriy etilgan. Odamlarning bir-birlari bilan bo‘ladigan ijtimoiy aloqalarida ushbu hadisi sharifda quydagicha zikr qilingan,
Omir ibn Sa’d ibn Abu Vaqqqosdan, u esa otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy s.a.v. dedilar: “Albatta, Alloh yoqimlidir, yoqimlilikni sevadi, karamlidir, karamlilikni sevadi, o‘ta sahiydir, o‘ta sahiylikni sevadi”.
Alloh taoloning o‘zida bo‘lgan va buning bandalarida ham bo‘lishini sevadigan sifatlar insoniyat uchun juda ham ahamiyatlidir. Ushbu sifatlarni o‘zida mujassam qilgan kishilar insonlar jamiyatidagi eng yaxshilar bo‘lishadi. Buning yuzaga chiqishi uchun esa Islom joriy qilgan ijtimoiy odoblar yo‘lga qo‘yilishi lozim.
Rosululloh s.a.v. marhamat qildilar: “Nafsim Uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, toinki mo‘min bo‘lmaguningizgacha jannatga kira olmaysizlar. O‘zaro bir biringizni yaxshi ko‘rmaguningizgacha mo‘min bo‘la olmaysizlar. Sizlarni bir ishga dalolat qilmayinmi, agar u ishni qilsangiz bir biringizga muhabbat qo‘yib qolasiz. O‘rtangizda salomni keng yoying”, dedilar.
Salomning ulamolarimiz ta’rifida: “Assalomu alaykum” degani, sizga diningizda, hayotingizda tinchlik, omonlik, xotirjamlik bo‘lsin. Sizga nuqson, jangu jadal, yomonliklardan xalos bo‘lishingizni tilayman”, degani.
Dinimizning shiori qanday ham ulug‘. Bu musulmonlikni alomati, belgisidir. Rivoyat qilinishicha kunlarni birida Umar r.a. Rosululloh s.a.v. ning oldilariga Hazrati Ali r.a.dan shikoyat qilib kelib aytdilar: “Ey Allohning Rosuli s.a.v. qachon Aliga ro‘baro‘ kelganimda xecham birinchi bo‘lib salom bermay, mening unga salom berishimni kutib keyin alik oladi”, dedilar. Shunda Rosululloh s.a.v. hazrati Alini huzurlariga chaqirtirib buning sababini, ya’ni nega birinchi bo‘lib salom bermasliklarini so‘radilar. Shunda hazrati Ali r.a: “Ey Allohning Rosuli, o‘zingizdan eshitganman, “kim birinchi bo‘lib salom bersa, unga jannatda Alloh taolo bir bayt, uy bino qiladi, degansiz, men o‘sha qasr uyni Hazrati Umarga bo‘lishini xohlayman” degan ekanlar.
Go`zal xulq borasida buyuk mutafakkirlardan Voiz Koshifiy “Insonning qadr-qimmati uning mol-mulki yoki ijtimoiy kelib chiqishi bilan emas, balki ma’naviy qiyofasi, axloqiy sifatlari bilan o‘lchanadi”, -degan bo`lsa, Abdulla Avloniy go`zal xulqlar qatoriga: matonat, diyonat, islomiyat, nazokat, g‘ayrat, riyozat, qanoat, shijoat, ilm, sabr, hilm, intizom, vijdon, vatanni so‘ymak, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, muhabbat, avf kabilarni kiritadi. “Emdi bu yaxshi xulqlarni qo‘lga olmak uchun ota-ona, muallim, ustodlarimiz hazratlarining hikmatli nasihatlarini jon qulog‘i birla tinglab, doim xotirda tutmoq, axloqi yaxshi kishilar birla ulfat bo‘lmak, axloqi buzuq,yomon kishilardan qochmoq lozimdur”,-deganlari nechog`li to`g`ridir.
Muxtasar qilib aytganda, insonni go‘zal qilib ko‘rsatadigan uning chiroyi emas, balki chiroyli xulqidir.

Termiz Tumani «Manguzar» jome’ masjidi imom noibi Y.Ochilov

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here