Imom at-Termiziy o‘z davrining yetuk muhaddisi sifatida ko‘pgina shogirdlarga ustozlik ham qilgan. Uning shogirdlaridan Maqhul ibn al-Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Abu ibn Muhammad an-Nasafyun, Hammod ibn Shokir, Xaysam ibn Kulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy, Abul-Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiy kabi yetuk olimlarni ko‘rsatish mumkin. Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, at-Termiziyning ustoz va shogirdlari orasida turli mamlakat va elat vakillari borligi sezilib turibdi. Shu nuqtai-nazardan qaralganda, uzoq o‘tmishda ham ilm-fanning taraqqiyoti va ma’rifat urug‘larini tarqatish borasida turli o‘lkalarning vakillari yakdil bo‘lib faoliyat ko‘rsatib samarali hamkorlik qilganliklari, umumbashariy qadriyatlar ravnaqi yo‘lida haqiqiy baynalmilallik ruhi mavjud bo‘lganligi hozirgi davrimiz uchun ham ibratli bir holdir.
At-Termiziy zehnining o‘tkirligi hamda quvvai-hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda ko‘plab misollar, rivoyatlar keltiriladi. Jumladan, arab tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiyning (1274-1347) «Tazkirat ul-huffoz» («Hofizlar haqida tazkira») nomli asarida quyidagi hikoya keltiriladi: Abu Iso Muhammad at-Termiziy Makkaga hajga borayotganida yo‘lda mashhur muhaddislar bilan muloqotda bo‘ladi va ularning biridan hadislardan saboq berishini iltimos qiladi. U olim: «Bo‘lmasa qog‘oz-qalam ol», degan. Aksiga olib shu payt at-Termiziy qalam topa olmagan va olim ro‘parasida o‘tirib eshitgan hadislarini yozib olayotgandek qog‘oz ustida qo‘lini harakat qildiravergan. Olim esa turli-tuman hadislardan yetmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada olim qog‘ozga qarab unda hech qanday yozuv yo‘qligini ko‘rgan va at-Termiziyning bu ishidan jahli chiqqan. At-Termiziy shunda bamaylixotir «Siz aytgan hadislaringizni yoddan aytib beraymi?», — deganu hozirgina olimdan eshitgan hadislarning hammasini birin-ketin takror aytib bergan. At-Termiziyning xotirasi kuchliligidan o‘sha olim hayratga tushib qoyil qolganligini bildirgan.
Bu xususda yana bir hikoya at-Termiziyning so‘ziga asoslanib keltiriladi: Makkaga ketayotganimda bir shayx to‘plagan hadislardan ikki qismini yozib olgan edim. Tasodifan o‘sha shayx bilan uchrashib qoldim. Yozib olingan hadislar mazmunan ularga o‘xshash-u, biroq boshqa hadislar ekan. Salom-alikdan so‘ng hadislarni aynan uning o‘z og‘zidan eshitishni iltimos qildim. U rozi bo‘lib, hadislarni hikoya qila boshladi. Keyin menga qarab qo‘limdagi oq qog‘ozni toza, ya’ni hech narsa yozilmagan holda ko‘rgach: «Bu qilig‘ing uchun mendan uyalmaysanmi?», — dedi. Men ma’zurona holda bor haqiqatni aytib: «Siz hikoyat qilgan hadislarning hammasini yoddan bilaman», dedim va uni birin-ketin so‘zma-so‘z aytib berdim. Shayx esa so‘zlarimga ishonqiramasdan «Nima, mening huzurimga kelishdan oldin ularni maxsus yodlagan edingmi?», — dedi. «Yo‘q», deb javob qilib: «Agar so‘zlarimga ishonmasangiz, boshqa hadislardan ayting», dedim. Shunda u o‘zining g‘aroyib hadislaridan qirqtasini hikoya qildi. Men unga ularni ham boshdan oxir birma-bir aytib berdim. Shunda u: «Senga o‘xshaganini hech qachon ko‘rmagan edim», — dedi.
At-Termiziy ko‘plab xorijiy mamlakatlarga qilgan safar chog‘ida hadislarni to‘plab, kitoblar ta’lif qilishga ham kirishgan. Safardan qaytgach, olimu fuzalolar bilan ilmiy munozaralarda qatnashadi, ko‘plab shogirdlarga ustozlik qiladi. Ayniqsa, mashhur muhaddis alloma al-Buxoriy bilan ko‘plab ilmiy bahslar yuritib undan istifoda qiladiki, bu haqda at-Termiziy o‘zining «Al-Ilal» kitobida ham yozadi. At-Termiziyning ko‘pchilik tasniflari, jumladan, uning mashhur asari «Al-Jomi’» ham o‘z vataniga qaytganidan keyin yaratilgan. Imom at-Termiziy 892 yilda Termiz yaqinidagi Bug‘ qishlog‘ida vafot etgan va shu joyda dafn qilingan.
Jarqo’rg’on tumani «Hazrati Bilol» jome masjidi imom xatibi H. Saidov