Imom at-Termiziy o‘z ustozi va safdoshi Imom al-Buxoriy suhbatida bo‘lganda u at-Termiziyga «Men sendan ko‘rgan foyda sen mendan ko‘rgan foydadan ko‘proq», deb uning bilimi va aql-idrokiga yuksak baho bergan. Mana shu keltirilgan fikr-mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, Imom at-Termiziy hadis ilmining ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan buyuk alloma bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda Imom at-Termiziy faoliyatiga bir qadar ta’na bilan qaragan olimlar ham bo‘lgan. Uni sahiyh va hasan hadislar darajasi (rutbasi)ni aniqlashda biroz ko‘ngli bo‘sh, iltifotli bo‘lgan. Bu shundan iboratki, ba’zi bir sahiyh yoki hasan hadislar ushbu darajaga loyiq bo‘lmasa ham ularni sahiyh va hasan deb qabul qilgan deyiladi. Mana shunday at-Termiziyga ta’na bildirganlardan biri tarixchi Shamsuddin az-Zahabiy bo‘lib, u o‘z asari «Miyzon al-e’tidol»da bu e’tirozini bildirgan. Lekin Imom at-Termiziy ijodini chuqur o‘rgangan qator tadqiqotchilar az-Zahabiy e’tirozlari aksar holda asossiz ekanligini ilmiy, asosli xulosalar bilan isbotlagan. Ayni vaqtda Imom at-Termiziyning o‘zi ham ushbu asarni yozib tugatgach, o‘z davrining yetuk olimlari hukmiga havola etgan va ular muhokamasidan o‘tkazgan. Bu haqda alloma shunday hikoya qiladi: «Ushbu asarimni tasnif etib bo‘lgach, al-Hijoz ulamolariga taqdim etdim, ular ma’qulladilar, keyin Iroq ulamolariga ko‘rsatdim, ular ham ma’qulladilar, so‘ng Xuroson ulamolariga ko‘rsatganimda, ular ham ma’qul topdilar».
Hadis ilmi bilan shug‘ullangan muhaddislar hadislarni boblarga bo‘lish (tabviyb)ga, tarojum va unvonlar (anoviyn)ga alohida e’tibor berganlar. Bu masalalar muallifdan yuksak salohiyatni talab qiladi. Boblarga bo‘lish masalasi yaxshi hal bo‘lgan asarlarning, bir tomondan, ilmiy ahamiyati katta bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu zayldagi asarlar ulkan amaliy ahamiyatga ham molikdir. Chunonchi, undan foydalanuvchi har bir kishi istagan masala bo‘yicha kerakli ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin. Mana shu tarzdagi ilmiy-amaliy ahamiyatga molik olti kitob eng ishonchli manba hisoblanadi. Ular olti kitob (kutub sitta) yoki olti sahiyh kitoblar (as-sihoh as-sitta) nomli bilan ataladi: al-Buxoriyning «Sahiyh», Muslim ibn Hajjojning «Sahiyh», at-Termiziyning «al-Jomi’», Abu Dovudning «as-Sunan», an-Nasoiyning «al-Mujtabo» yoki «as-Sunan» va Ibn Moja al-Qazviniyning «as-Sunan» asarlari.
Imom at-Termiziy hadislarni boblarga bulish (tabviyb)da ikki xil uslubga tayandi.
Birinchi uslub: Bir mavzuga, masalan, tahorat, zakot, nikohga oid turli-tuman masalalar va boblarni o‘zida mujassam qilgan hadislarni umumiy bir unvon (sarlavha) ostida keltiradi… Masalan: Abvob at-tahorati a’n Rasululloh (Rasululloh aytganlaridan tahoratga oid boblar), Abvob az-zakot a’n Rasululloh («Rasululloh aytganlaridan zakotga oid boblar») va hokazo.
Ikkinchi uslub: Muayyan masalaga oid bir yoki bir necha hadislarni muallif dalolat uchun maxsus unvon (sarlavha) va bobda keltiradi. Bunday hollarda at-Termiziy ushbu bob mazmuniga oid bosh so‘zga tayanib yozadi. Masalan: «Bob mo joa fis-sivok» («Misvok (tish tozalovchi) xususida kelgan hadis…»).
Imom at-Termiziy hadislar mavzu bayonida bob (ko‘pligi abvob) iborasini qo‘llagan bo‘lsa, ayni shu maqsadda Imom al-Buxoriy esa «kitob» lafzini ishlatgan. At-Termiziy muqarrar ravishda har safar bob (abvob)dan keyin «Rasululloh sallallohu alayhi vasallam» iborasini qo‘shib keltiradi.
Bu o‘rinda har bir bob tarjimasida Imom at-Termiziy qo‘llagan tariqa (yo‘l, uslub)ni bilish alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlash zarur, chunki mana shu tarojumlar oxir-oqibatda muallifning jiddi-jahdi, uning iqtidori va qolaversa fiqhiy chuqur bilimini ham ifodalaydi. Mana shu masalani muayyan darajada o‘rganish Imom at-Termiziy tarojumlarini uch turga bo‘lishni taqozo etadi:
Birinchidan, tarojuming zohiriy tariqasini, bu uning mazmunidan ochiq oydin anglashilib u haqda hech bir fikrlash va mulohazaga ehtiyoj bo‘lmaydi. Ikkinchidan, istinbotiy (tadqiq qilib o‘rganiladigan) tarojumlarki, ularning muayyan darajada (chuqur yoki bir qadar yuzaki) bahs va tafakkur vositasida o‘sha bob mazmuniga mosligi idrok etiladi. Uchinchidan, mursaliy (bo‘sh, ochiq) qoldirilgan tarojumlar bo‘lib, unda hadisning mazmuniga ishorat qiladigan unvon (sarlavha) bo‘lmay faqat «bob» iborasi bilan chegaralanadi. Mana shu uch tariyqa (yo‘l, uslub) tarojumlar Imom at-Termiziyning «al-Jomi’», shuningdek, Imom al-Buxoriyning «Sahiyh al-Buxoriy» asarida ham mavjuddirki, bu taqsimlash uslubi tarojumlarni chuqur tadqiq etishda katta ahamiyat kasb etadi.
Eng avvalo zohiriy tarojumlar (at-tarojum az-zohira) haqida gapiradigan bo‘lsak, bu xildagi tarojumlar at-Termiziyning asarida aksar hollarda uchrab, hatto uning asari, ba’zi mualliflar alohida ta’kidlaganlaridek, bu yo‘nalishdagi eng qulay asarlardan sanalgan. Chunonchi, at-Termiziy asari bilan tanishgan har bir ilm tolibi bu holni osonlikcha fahmlaydi. Muallifning «mo joa» (taalluqli, doir) yoki ko‘p hollarda «bobun mo joa fi kazo» («falon masalaga doir bob») deb alohida ta’kidlashi mazkur tarojumning mazmun-mohiyatini aniq ko‘rsatadi. Ushbu ibora Imom al-Buxoriy faoliyatida ham, garchand kam hollarda bo‘lsa-da, kuzatiladi.
Imom at-Termiziy faoliyatida ko‘p uchraydigan ushbu xildagi tarojumlar muayyan maqsadlarga qaratilgan va ma’lum ma’nolarni anglatadi. Ushbu masalada Imom at-Termiziy maslaklarini Imom al-Buxoriy maslaklari bilan muqoyasa qilishlikning ilmiy ahamiyati borligining guvohi bo‘lamiz.
Jarqo’rg’on tumani «Hazrati Bilol» jome masjidi imom xatibi H. Saidov