Allohga taqvo qilish undan qo’rqishdir. Allohdan qo’rqish esa, gunoh ishlarni tark etish va savob ishlarni ko’plab qilish ila sodir bo’ladi.

Xazrati Umar roziyallohu anhudan; » Taqvo nima ? » deb so’ralganda, » Arablar sertikon maydondan yalangayoq bo’lib, tikondan saqlanib o’tib ketishni taqvo deb ataydilar», deganlar.

Hayotda gunoh ishlar ham huddi tikonlarga o’xshaydi. Kim ulardan ehtiyot bo’lmasa, ozor chekadi, ulardan saqlanib yurgan kishi esa taqvo qilgan bo’ladi. Oqibatda taqvo inson qalbidagi holatga aylanadi. Bu holat qalbni hassob qilib, har doim Alloh taoloning sezgisi bilan yashaydigan qilib qo’yadi.

 

Imom Hokim Jobir ibn Abdullohdan, Ibn Murdavayh va Xatiblar Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilishadi: Avf ibn Molik al Ashjaiy (roziyallohu anhu) kambag‘al, ko‘p bolali odam edi. U bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Ey Allohning rasuli! O‘g‘lim dushman qo‘lida asirda, onasi bundan jazavaga tushyapti, nimaga buyurasiz?” dedi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Sen va ayoling “Laa havla va laa quvvata illaa billah”ni ko‘p aytib, sabr qilinglar”, dedilar. Eru xotin ikkovlari ana shu kalimani ko‘p aytishdi, sabr qilishdi. Oradan ko‘p o‘tmay, asirlikdagi o‘g‘il dushmanning g‘aflatdaligidan foydalanib, qo‘ylarini olib qochib, otasi huzuriga keldi. Ota xabarni Payg‘ambarimizga (alayhissalom) yetkazdi. Shu vaqt: “…Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur…”, degan oyat nozil bo‘ldi (Taloq, 2 3). Ya’ni, kim Alloh taolo buyurganini qilib, qaytarganidan qaytsa, dunyo qiyinchiliklaridan chiqadigan yo‘lni Alloh unga ko‘rsatadi; xayoliga kelmagan tomondan rizq yetkazadi.

 

Odatda, aksar kishilar “rizqu ro‘zim ko‘paysin” degan maqsadda taqvodan voz kechadi, taqvo yo‘lidan yurmaydi. Ushbu oyati karimaning ma’nosidan kelib chiqib, ayta olamizki, taqvodorlik qiyinchiliklarning osonlashishi va rizqning o‘ylanmagan tarafdan kelishiga sabab bo‘ladi.

 

Irboz ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.

«Bir kuni bomdod namozidan so’ng Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bizga o’ta balog’atli va’z qildilar. Undan ta’sirlanib ko’zlar yosh to’kdi, qalblar titroqqa tushdi. Shunda bir odam: «Bu vidolashuvshining mavizasi-ku! Yo Rosululloh, bizga nimani vasiyat qilasiz? dedi.

«Sizlarga Allohga taqvo qiloshni, agar habash qul (boshliq ) bo’lsa ham, quloq osib, itoat qilishingizni vaziyat qilaman. Sizdan kim yashab tursa, ko’plab ixtiloflarni ko’radi. Siz yangi paydo qilingan ishlardan ehtiyot bo’ling, chunki ular zalolatdadir. Sizdan kim o’shanga yetib borsa, bas unga mening sunnatimni va roshid (hidoyatli) xaliyfalarimning sunnatini mahkam ushlash lozim bo’ladi. Bas, uni mahkam tishlangiz», — dedilar». (Termiziy rivoyati)

Taqvodorlik har bir musulmon uchun o’ta muhim narsa bo’lganidan Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bu masalani vasiyatlarida birinchi bo’lib zikr qildilar. Alloh taologa taqvo qilish, U zotning azobiga, do’zax azobiga sabab bo’ladigan narsalardan o’zini saqlashdir.

Shuning uchun ham, Rosululloh sollallohu alayhi vasalllam Allohga taqvo qilishga qattiq tavsiya etmoqdalar.

 

Alloh taolo barchalarimizni o’zini to’g’ri yo’lidan ayirmasin, va barchalarimizni taqvodor bandalaridan qilsin. Amin!

 

Oltinsoy tuman «Qorliq» jome masjid imom xatibi   H. Turdiyev

 

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here