Har bir insonning dunyoga kelishiga ota-ona sababchidir. Islom farzandlar zimmasida ota-onalarning bir qancha haq-huquqlari borligini ta’kidlaydi. Farzandlar o’z ota-onalariga yaxshi muomula qilishlari, shirinsuxan bo’lishlari, ularga mehribonlik ko’rsatishlari, doimiy ehtirom bilan ularni taqdirlab turishlari, Alloh taoloning shariatiga zid bo’lmagan barcha buyruq, talab istaklarini bajarmoqlari lozim.

Bu haqda Alloh taolo shunday deb buyuradi: «Robbing yolg’iz O’zidan boshqaga ibodat qilmaslikka va ota-onaga yaxshilik qilishga buyuradi. Ota-onangdan biri yoki ikkovlari qo’l ostingda keksalik yoshiga yetsalar, ularga yomon so’z aytma, hatto «uff» demagin, ularga qattiq ham qaramagin. Doimo yaxshi so’z ayt. Ular uchun mehribonlik bilan xokisor bo’l, xorlik qanotini past tut. «Robbim, meni yoshligimda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahmat qilgin!» degin»  («Isro» surasi, 23, 24-oyatlar).

Alloh taoloning ota-onani bunchalar ezozlashining hikmati bor. Onangiz sizni homiladorlik paytida ham tug’ilganingizdan so’ng ham avaylab ko’tarib yuradi, sutini, mehrini, qalb qo’rini bag’ishlab parvarishlaydi, sizni deb oromidan kechadi. Otangiz ham sizning komil inson bo’lib yetishingizda o’z hissasini qo’shadi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Qaysi bir musulmon farzandi savob umidi bilan ertalab ota-onasini ziyorat qilsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi. Agar ulardan birini ziyorat qilsa, unga jannatning bir eshigini ochadi. Bola ota-onasidan qaysi birini hafa qilguday bo’lsa, uni rozi qilmagunicha Alloh taolo undan rozi bo’lmaydi», — dedilar.

Shunda bir kishi: » Agar ota-onalar bolaga zulm ko’rsatgan bo’lsa-chi?» — deb so’radi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

«Agar ular bolasiga zulm ko’rsatgan bo’lsa ham, farzand ularni ranjitmasligi kerak», — deb javob berdilar.

Alloh taolo O’zining roziligini ota-onaning roziliklariga bog’lab qo’ydi. Bu haqda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qiladilar. «Alloh taoloning roziligi — ota-onaning roziligida, Uning g’azabi esa- ota-onaning g’azabidadir»  (Imom Tabaroniy rivoyati.

 

Demak, Alloh taoloni rozi qilaman degan kishi ota-onasini rozi qilsin, Allohni g’azabidan qo’rqqan kishi — ota-onasini ranjitishdan qo’rqsin.Alloh taolo barchamizni ota-onasini rozi qiladigan farzandlardan qilsin! Amin!

 

Oltinsoy tuman «Qorliq» jome masjid imom xatibi  H. Turdiyev

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here