Muqaddas dinimizda har bir fuqaro Vatanni imkoniyati darajasida himoya qilish lozimligi mukammal tarzda bayon etilgan.Musulmonlarning Vatanni sevishlari suyukli Payg’ambarimiz S.A.V.dan merosdir. Ul zotning vatanparvarliklari, tuprog’ida yashayotgan makonga mansubliklari juda ko’p o’rinda yaqqol ko’zga tashlanadi. Alloh taola insonni tuproqdan yaratdi va yerga, zaminga muhabbatni uning fitratiga joyladi. Shayx Muhammad Fazzoliy aytadi:»Bashar o’z yeriga, garchi u tap-taqir sahro bo’lsa ham, qattiq bog’lanadi. Zero, Vatanni sevish inson tabiatida bor.
Shu tuyg’u Vatanda yashashdan huzur -halovat, undan uzoq bo’linganida sog’inch, unga hujum qilinganida mudofaa etish va u kamsitilganida g’azab hislarini paydo qiladi». Vatan erki, tuprog’i yoki obro’siga qilingan fikriy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish faqat harbiylar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar burchidir. Vatan himoyasi yo’lida uxlamasdan poyloqchilik qilgan ko’z egasini do’zax otashi ham kuydirmas ekan. Bu haqda Ibn Abbos r.a. Payg’ambarimiz S.A.V. dan rivoyat qilgan hadisda «Kechalari Allohdan qo’rqib yosh to’kkan ko’zni va Alloh yo’lida tunlari posbonlik qilib mijja qoqmagan ko’zni do’zax otashi kuydirmaydi»(Termiziy rivoyati). Ushbu hadisda aytilganidek, ikki ko’z do’zax o’tida kuymaydi. Biri Allohdan qo’rqib yig’lagan ko’z, ikkinchisi Vatanni himoya qilish yo’lida uxlamagan ko’z. Vatanimiz sarhadlarini tunu kun bedorlik bilan qo’riqlayotgan Ona tuprog’imizni yovuz niyatli kimsalardan asrashni or-nomus ishi deb biladigan askarlarimiz zobitlarimiz katta ajr mukofotlarga sazovordirlar.
Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda Payg’ambarimiz s.a.v. «Alloh taola roziligi yo’lida bir kun chegara hududida posbonlik qilish, bir oy kechalari ibodat qilib kunduzlari nafl ro’za tutishdan afzaldir» deb marhamat qilganlar. Darhaqiqat Ona-Vatan himoyachisi bo’lish yanada sharafli burchdir. Harbiy xizmat mashaqqatlarini yengib chiniqqan, jismonan va ruhan toblangan ota-ona qadrini teran anglab yetgan yigitning qalbida Vatanga muhabbat tuyg’usi ham kuchli, faxr-iftixori tog’day yuksak bo’ladi. Alloh taolo mustaqil yurtimizni tinchlik omonlikda, askaru zobitlarimizni o’zining hifzu himoyasida saqlab, jonajon diyorimizni yomon ko’zlardan va barcha ofatlardan asrasin!
Oltinsoy tuman «Rahmonberdi hoji»
jome’ masjidi noib imomi: Ernazarov Haydarali