Alloh taolo inson zotini azizu mukarram qilib yaratgan. Uning sha’nini ulug’lab, yer yuzidagi barcha narsalarni uning manfaati uchun paydo qilgan. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi.  Ya’ni; ‘’ Darhaqiqat (biz) odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot – ulov va kemalarga) mindirib qo’ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni o’zimiz yaratgan ko’p jonzotlardan afzal qilib qo’ydik’’.(Isro surasi,70- oyat).Payg’ambarimiz Muhammad (sav) siz bilan biz ummatlariga doimiy ravishda pandu nasihat va va’zu irshod qilishga buyurilganlar. Shuning uchun Payg’ambarimiz (sav) umrlarining oxirigacha biz ummatlarga ilohiy ta’limot asosida hidoyat yo’lini ko’rsatib, shayton yo’lidan qaytarib ketdilar. Rasululloh (sav) ‘’Hajjatul – vado’’ dagi xutbalarida bunday deganlar; ‘’Ey insonlar, albatta bir –birlaringizni qonlaringizni to’kishlik, mollaringizni nohaq o’zlashtirish va obro’laringizni to’kishlik sizlarga haromdir. Xuddi ushbu arafa kuningiz va bu zulhijja oyingiz hurmatli bo’lgani kabi. Ogoh bo’lingiz, sizlardan hozir bo’lganlar ushbularni g’oiblarga (bu yerda yo’qlarga) yetkazsin. Ey insonlar, (sizlarga) yetkazdimmi ‘’. Bu hadisi sharifda Payg’ambarimiz (sav) har bir insonning hayot va yashashga bo’lgan huquqi muqaddas ekanini bayon qildilar. Shu bilan birga inson o’z joniga qasd qilishi harom va qattiq gunoh ekanini ta’kidladilar. Alloh taolo aziz qilgan insonning joniga qasd qilib, uning qonini to’kish eng og’ir gunoh hisoblanadi.

‘’ Biror jonni o’ldirmagan yoki yerda (buzg’unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o’ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o’ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o’limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir ‘’ (Moida 32-oyat). Yana boshqa oyati karimada Alloh taolo aytadi;

‘’Alloh taqiqlagan jonni nohaq qatl qilmang! Aql yuritishingiz uchun (Allohning) hukm qilgani shu(lar)dir’’ (An’om surasi 151 oyat).

Bir kishi jarohatning og’rig’iga chidolmay, o’limini tezlatib,qilichining tig’i bilan o’zini o’ldirdi. Payg’ambarimiz (sav) u haqda: “U do’zax ahlidandir”, dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Jahondagi nufuzli islom muassasalari ulamolari, turli yo’llar bilan begunoh insonlarning o’limiga sabab bo’lishini shar’an harom amal ekanligini e’lon qilgan.  Bu ishni amalga oshirganlar Alloh taoloning azobiga uchraydi. Inson joniga qasd qilishlik jinoyat ekanligi O’bekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24- moddasida belgilab qo’yilgan.

‘’Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og’r jinoyatdir ‘’.

Alloh taolodan bizlarni hidoyatiga yo’llashini, nafslarimiz yovuzligi va amallarimiz yomonligidan saqlashini soraymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli, mag’firatli va rahmli zotdir.

Sho’rchi tumani “Abu Bakr Siddiq” jome masjidi imom xatibi R. Vaxabov

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here