«Ilm» so’zi Allohning Kitobi, Payg’ambar sunnatida cheklov va qaydlarsiz mutloq kelgan. Demak ilm yurt obodligi, dunyo yaxshiligi, insoniyat uchun ikki dunyo saodatidir. Ilm sohiblari imon keltirganlar ichida xos bir maqom va darajalarga ko’tarilishi haqida Qur’oni karimda habar beriladi. ( …. Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba) larga ko’tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon ) amallaringizdan habardordir» ( Mujodala surasi 11 oyat). Oyati karimadagi zikr qilingan «darajalar» haqida mufassirlar ikki xil so’z aytganlar. Birinchisi — dunyodagi martaba va sharaf. Ikkinchi so’z — bu darajalar oxiratda bo’ladi. Zero, ilm ikki dunyo saodatiga yetaklaydi. Payg’ambarimiz marhamat qiladilar. «Banda vafot etsa, uning amallari kesiladi (ya’ni to’xtaydi). Lekin uch narsadan (savob kelib turadi); yurib turuvchi sadaqa, foydali ilm yoki uning haqqiga duo qilib turuvchi farzand» (Imom Buxoriy rivoyati). Demak ilm o’rganish, uni boshqalarga o’rgatish, xalqqa foydasi tegadigan kitoblar yozish inson vafotidan keyin ham huddi tiriklar kabi savob olishiga sabab bo’ladi. Ilm yo’lida pok niyat va ixlos bilan harakat qilish bandaga jannat yo’lini oson qiladi. Hadisi sharifda shunday deyiladi: «Kim ilm izlab yo’lga chiqsa, Alloh unga jannat yo’lini oson qilib qo’yadi» (Imom Muslim rivoyati). Musulmon kishi har kuni dini va o’z sohasini o’rganish uchun vaqt ajratishi, tushunmagan joyini ustozlar va imom domlalardan so’rab-bilib olishi zarur. Bizning burchimiz — din va dunyo bilimlarini barobar rivojlantirib, ajdodlarimiz yo’lini davom ettirish va bilimda dunyo xalqlariga peshqadam bo’lishdir. Alloh taolo barchamizni to’g’ri yo’lida sobitqadam qilsin, ilmimizni ziyoda qilsin! Amin.
Oltinsoy tuman «Qorliq» jome’ masjid imom xatibi: H.Turdiyev