Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziy asarlari zohiriy tarojumlarning qator maslaklarida bir-biriga mushtarak ekanligini ko‘ramiz. Bu hol quyidagi masalalarda ayon bo‘ladi:
- Umumiy xabariy (hikoyat) siyg‘aga ega tarojum bo‘lib, bunda tarojum, bobning mazmunini umumiy bir xabar, extimollik holatiga ishorat qilib so‘ngra bobda keltirilgan hadis orqaligina asil maqsad ayon bo‘ladi. Bu hol avvalroq qayd qilganimizdek, Imom at-Termiziyda ko‘p uchrab, Imom al-Buxoriyda kamroq keltiriladi.
At-Termiziyning «Al-Jomi’» asaridan bir misol keltiramiz. Asarda muallif «Bobun mo joa fis-sivok» (Sivok) tishkovlagich, misvok xususidagi bobga doir «Agarki ummatimga qiyin bo‘lmaganda edi har bir namozdan oldin misvok bilan tishlarini tozalashni buyurardim», degan hadis bilan tasdiqlaydi-ki, bu bilan asl murod-maqsadini aniq bayon qiladi. Yoki bo‘lmasa kiyim haqidagi boblarda «Bobun mo joa fil-hariyr vaz-zahab» («shoyi va tillo xususidagi bob»)ga doir Abu Muso al-Ash’ariyning rivoyati asosida Rasulullohning «Shoyi (hariyr) va tillo buyumlarni kiyishni ummatimning erkaklariga harom va ayollariga halol qilganligini» hadisga tayanib ta’kidlaydi.
- Xos (maxsus) xabariy (hikoyat) siyg‘aga ega tarojum bo‘lib, bundagi bob masalani aniq ifoda qiladi.
Bunga misol tariqasida Imom at-Termiziy asaridan salot (namoz) haqidagi hadislarni keltirish mumkin
- Savol tarzidagi siyg‘aga ega tarojum (at-tarojuma bi-siyg‘atil-istifhom) — bu shunday holatki, bunda bob tarojumasi savol (istifhom) tarzidagi iboralardan tashkil topadi. Bu maslak Imom al-Buxoriy ijodida ko‘proq va daqiyq uslubda qo‘llanilgan, Imom at-Termiziyda esa nisbatan kam hollarda uchraydi. Ulamolarning fikricha, bu tarzdagi tarojumlar asosan ixtilofli va bahsli masalalarga doir bo‘lib, masalan, Imom at-Termiziy o‘z asarida keltirgan (namoz paytida nuhud (sajdadan turish) qanday bo‘lishi kerak haqidagi bobga doir» ni ko‘rsatish mumkin. Turli mazhablar (masalan, shofe’iylar va hanafiylar) o‘rtasida ushbu masalada muayyan ixtilof bo‘lib, bu haqda muallif ham o‘z asarida ko‘rsatib o‘tgan.
- Bob hadisdan iqtibos etib olingan tarojum yoki to‘lig‘icha hadisning so‘zlari bobda kelgan tarojumda qisman yoki to‘lig‘icha rivoyat qilinadi. Bu fikrni Imom at-Termiziy odob haqida keltirgan bir hadisda yaqqol ko‘rishimiz mumkin. «Olloh atsni (aks urmoqni) xushlab, esnashni yoqtirmasligiga doir bob»da ushbu hadisni ixroj etadi. «Darhaqiqat, Olloh aksirishni xush ko‘rib, esnashni yomon (karohatli) ko‘radi. Shu tufayli agar biror kishi aks, ursa alhamdullilohi, deydi va uning bu so‘zini eshitgan har bir kishi «Senga Ollohning rahmati yog‘ilsin» (yarhamuka Olloh) va hokazo deydi». Mana shu misoldan yaqqol ko‘rinib turibdiki, ixroj qilinayotgan hadisdan bir qismi tarojumda keltirilgan. Ayni shu holni Imom al-Buxoriyning asarida ham uchratamiz. Masalan, tib (tabobat) haqida «dardini bergan Olloh uning shifosini ham o‘zi beradi bobidagi» hadisning so‘zi aynan shu bobda ham ixroj qilingan.
- Amrli masalaning boshlanishi va biror ishning paydo (zohir) bo‘lishi haqida ogoh etuvchi tarojumlar. Imom at-Termiziy, shuningdek, al-Buxoriy biror ishning boshlanishidan darak beruvchi tarojumlarni keltiradi. Masalan, Imom at-Termiziy salot (namoz) haqida «Azonning boshlanishiga doir bob». Mana shu mavzuning qay tariqa boshlanishi haqidagi to‘liq ma’lumotlarni o‘z ichiga qamraydi. Shu sababli ular shariatning tarixiga doir ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lganligidan ulamolar, ilm toliblari va tadqiqotchilar uchun g‘oyatda qimmatlidir. Ayni vaqtda shuni ham qayd etish kerakki, turli mazhablarga mansub ulamolar o‘rtasidagi ixtilofli masalalar bo‘yicha, xususan fiqhiy masalalarda Imom at-Termiziy o‘z asarlarida alohida hadislarni dalillar vositasida boblar bilan keltirgan hollari ko‘p uchraydi.
Arab tilida istinbotiy tarojumlar deb nomlanadigan boblarda mualliflar o‘z kitoblariga kiritilgan masalalarga ularning mazmun va mavzularidan kelib chiqqan holda unvon (sarlavha)lar qo‘yadilar. Bu holda sarlavha o‘sha bobning mazmuniga ochiq-oydin mos bo‘ladi. Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad kitob muallifi muayyan bobda mavjud hadislar bevosita yetisha olmagan natijaga erishishdir. Shu bois ham muallif o‘z fikr-mulohazasi yordamidagina ushbu maqsadga erishadi. Bu uslub Imom al-Buxoriy kitobida ko‘p qo‘llanilgan bo‘lsa, Imom at-Termiziyda nisbatan kamroq qo‘llanilgan.
Ayni vaqtda bu ikkala buyuk muhaddis ijodiyotida istinbotiy tarojumlarda mushtarak yo‘l-yo‘riqlar (maslaklar) mujassam bo‘lganligining ham guvohi bo‘lamiz.
«Mursaliy tarojumlar» deb atalgan boblarda esa tarojumlar rivoyat etilgan bo‘lsa-da, to‘lig‘icha zikr qilinmaydi va uning unvoni «bob» degan so‘z bilan chegaralanadi. Imom at-Termiziy «al-Jomi’» asarida bu xildagi tarojumlar ikki so‘z (ibora)da — «bob» va bob minhu (undan bob) bilan keltiriladi. Imom al-Buxoriy esa faqat bir siyg‘a (ya’ni bob)ni qo‘llash bilan chegaralangan.
Yuqoridagi fikr-mulohazalardan quyidagi xulosaga kelish mumkin:
— Imom al-Buxoriy uslubiga ergashgan holda Imom at-Termiziy ham o‘z kitobini avval boblarga bo‘lgan holda tartib berib, so‘ngra tarojumlarni al-Buxoriy oldin qo‘llagan uslub va maslaklarga tayanib ta’lif etdi;
— Imom at-Termiziy o‘z ustozi Imom al-Buxoriydan g‘oyatda ta’sirlangan holda uning ijodidan o‘z «al-Jomi’» asari tasnifida foydalandi;
— Imom at-Termiziy asarida keltirilgan tarojumlarni idrok etish osonroq bo‘lib, Imom al-Buxoriy asarida mukammal istinbot (chuqur tadqiq etish) ustunligi ko‘zga tashlanadi;
— Imom al-Buxoriyning Abu Iso at-Termiziydan yana bir ustunligi tarojumlar yo‘l-yo‘riq (masolik)larining xilma-xilligi, ularda ko‘p ilmiy va boshqa foydali jihatlarining aks etishidir;
— Imom at-Termiziy tarojumlarga mazkur bob mazmuniga dalil sifatida qaraydi, ammo Imom al-Buxoriy esa ularga (tarojumlarga) o‘z fiqhi va ilmini ham ifoda etadi.
Jarqo’rg’on tumani «Hazrati Bilol» jome masjidi imom xatibi H. Saidov