Abu Hurayra, roziyallohu anhu, rivoyat qiladi:
«Payg‘ambar, alayhissalom, menga bir necha kun xurmo bog‘ini qo‘riqlab turishni tayinladilar. Kechalardan birida bir odam kelib, xurmo ola boshladi. Uni darhol tutib oldim va:
– Seni Rasulullohning oldiga olib boraman, – dedim. U esa yolvorib:
– Men bir bechora, muhtoj odamman. Oilamni boqishim kerak, – dedi. Achinganimdan uni qo‘yib yubordim. Tong otgach, Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, mendan so‘radilar:
– Ey Abu Hurayra, oqshom tutgan asiringga nima bo‘ldi?
– Yo Rasulalloh, u menga bola-chaqasi ko‘p va ular och qolganini aytdi, rahmim kelib, qo‘yib yubordim.
– U seni aldabdi, yaqinda yana keladi.
Uning yana kelishiga ishonib, poyladim. Darhaqiqat, u yana keldi va xurmo terishga tushdi. Ushlab oldim:
– Seni albatta Rasulullohga, sollallohu alayhi va sallam, olib boraman, – dedim. U yana:
– Xudo xayringni bersin, meni qo‘yib yubor. Axir men bir muhtoj odam bo‘lsam, oilam mening qo‘limga qarab turgan bo‘lsa, nima qilay? Endi kelmayman, – deb yolvordi. Rahmim kelib, uni yana qo‘yib yubordim. Kunduzi Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam:
– Ha, Abu Hurayra, bugun oqshom asiring nima dedi? — deb so‘radilar.
– Yo Rasulalloh, bu safar ham o‘ta muhtojligini aytib yolvordi: «Endi kelmayman», deb so‘z berdi. Rahmim kelib, qo‘yib yubordim.
– Seni yana aldabdi. Mana ko‘rasan, yaqinda u yana keladi.
Yana uni poyladim. U kelib, hech tap tortmay xurmolardan ola boshladi. Yana ushlab oldim va jahl bilan:
– Qanaqa odamsan o‘zi? Uchinchi marta qo‘lga tushyapsan. Har safar «Endi kelmayman», deb ketasan. Endi seni Rasulullohning huzurlariga olib bormasam bo‘lmaydi, – dedim. Bu safar u shunday dedi:
– Meni qo‘yib yuborgin. Senga ba’zi bir kalimalarni o‘rgataman. Ular tufayli Alloh senga xayr va barakot ehson etadi.
– U qanday kalimalar ekan?
– Uxlashdan oldin «Oyatul kursiy»ni oxirigacha o‘qigin. Ertalabgacha ustingda Alloh tarafidan yuborilgan bir qo‘riqlovchi turadi. Senga shayton ham yaqin kelolmaydi, — dedi. Shundan keyin uni qo‘yib yubordim.
Bomdoddan so‘ng Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, mendan yana so‘radilar:
– Bugun kechqurun asiring nimalar dedi?
— Yo RasulAlloh , bu asir menga bir necha kalimalar o‘rgatishini va bu kalimalar qurmatiga Alloh taoloning menga xayr va barakot ehson etishini va’da qildi. Men uni qo‘yib yubordim.
– Xo‘sh, ular qanday kalimalar ekan?
– «Oyatal kursiy»ni (Alloh u la ilaha illa hu al qayyul qoyyum…) oxirigacha o‘qidi va menga: «Uxlashdan oldin» «Oyatal kursiy»ni o‘qigin, shunda ertalabgacha ustingda Alloh tomonidan yuborilgan bir qo‘riqchi turadi. Senga shayton ham yaqinlashmaydi», dedi.
– Bu asir yolg‘onchi bo‘lsa hamki senga bir marta to‘g‘ri gapiribdi. Ey Abu Hurayra, uch kechadan beri sen bilan kim gaplashganini bilasanmi?
– Bilmayman, yo Rasulalloh?
– U inson qiyofasiga kirgan shayton edi.
O’MI Surxondaryo viloyat vakili o’rinbosari A. Fatullayev