Avval ish bilan Koreyaga, keyin hijratga yo‘l olganlar

Sarvarbek Hamroqulov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) yaxshi niyatlar bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining yo‘llanmasi asosida Koreya Respublikasiga ishga jo‘nadi. U dastlab Kimxe shahridagi kema ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi zavodda ish boshladi. Ammo u yerning mehnati og‘irligi tufayli avtomashina ehtiyot qismlari ishlab chiqaradigan zavodga ishga o‘tdi. U zavodda ishlayotganda, shu yerda ishlayotgan bir necha nafar o‘zbek yigitlari bilan tanishdi.

Bir kuni mazkur zavodda birga ishlaydigan qashqadaryolik Rustam degan yigitdan Koreyaga Turkiyadan diniy olim, Abdullo Buxoriy ismli shaxs kelib, diniy ma’ruza o‘qib ketgani haqida eshitdi. Sarvarni ilgari ham diniy mavzular qiziqtirgani bois uning gapini qiziqish bilan tingladi.

– Rustam, Buxoriy domlaning ma’ruzasi juda qiziq bo‘lsa kerak-a? –deb so‘radi Sarvar sherigidan.

– Ha, juda qiziqarli narsalar haqida gapirdi, istasang, biz bilan shahardagi “Pokiston” jom’e masjidiga qatnashing mumkin, u yerda hamyurtlarimiz juda ko‘p, tez-tez diniy ma’ruzalar bo‘lib turadi,– dedi Rustam.

Sarobga tashlangan ilk qadam

Shundan keyin u Rustam bilan namoz o‘qish uchun Kimxe shahridagi “Pokiston” jom’e masjidiga qatnay boshladi. U bu yerda juda ko‘p o‘zbekistonlik yigitlar bilan tanishdi. Shulardan biri bo‘lgan Haydar ismli yigit namozxonligi bilan juda ham  ko‘ngliga o‘tirdi. Haydar futbolga qiziqqanligi sababli futbol jamoasi tuzganligini, istasa uni ham qo‘shib olishi mumkinligini bildirdi. Suhbat jarayonida Haydarning ukasi Xoldor ham shu yerda ishlashini, ayni paytda u Saudiya Arabistoniga Umra safariga ketganligini bilib oldi. U safardan qaytganida Sarvar Xoldor bilan yaqindan tanishib oldi. Barcha o‘zbekistonlik yigitlar uni diniy bilimga egaligi uchun qattiq hurmat qilishardi. Umra safaridan qaytganidan keyin yigitlar undan diniy ta’lim berishni iltimos qilishdi.

– Bo‘lmasa, haftaning har shanba kuni Amrulloning ijara uyida yig‘ilamiz, men sizlarga diniy saboq beraman,– deb rozi bo‘ldi Xoldor.

Zanjirdek bog‘langan safdoshlar

Shundan keyin yigitlar har shanba kuni ishdan keyin Amrulloning uyiga to‘planib, “Muallimi soniy” va “Tajviddan”  ta’lim ola boshlashdi. Xoldor namozni qiroaat bilan o‘qigani bois uni “Al-Taqvo” jom’e masjidiga imomlikka taklif etishdi, shundan keyin u namozda imomlik qiladigan bo‘ldi. Sarvarning diniy ta’lim olayotganini eshitib, uning tanishlari surxondaryolik Najmiddin, Beknazar va andijonlik Abdusamatlar ham uning safiga qo‘shildi. Oradan bir oylar o‘tganidan keyin Seul shahrida ishlovchi o‘rtog‘i Aziz ham ishdan bo‘shaganligi tufayli undan ish so‘rab qo‘ng‘iroq qildi. Sarvar uni ham oldiga chaqirib, o‘zi bilan darsga olib qatnay boshladi. Ularning safi kengaygandan kengaya boshladi. Endi yigitlarga ijara uy torlik qila boshlagani bois, “Pokiston” jom’e masjidining tepa qismida joylashgan xonadonni ijaraga olishdi.

Internetda in qurgan “saboq”

Ular aynan Abdullo Buxoriydan ta’lim olish maqsadida internetdan uning manzilini topib, dars o‘tishni so‘rab, murojaat etishdi. Ammo Abdullo Buxoriy vaqti yo‘qligi tufayli, agar ular xohlashsa shogirdi, qirg‘izistonlik Ahliddin skayp orqali dars o‘tishi mumkinligini bildirdi. Ular rozi bo‘lgach, haftaning har yakshanba kuni internetda skayp orqali Ahliddindan saboq ola boshlashdi. Ular “saboq” vaqtida Suriyada bo‘layotgan jangari harakatlar aks etgan videolarni tomosha qilishdi, musulmonlarning birlashishi va O‘zbekiston Respublikasidan “hijrat” qilib chiqib, Suriyadagi mujohid birodarlarga birlashish, “jihod” amallarini bajarish kabi da’vatlarni tinglashdi. Koreyada ishlayotgan yigitlardan biri Sherzodning Turkiyaga ketib, u yerdan Suriyaga o‘tganligi, ayni paytda “Abdullo Buxoriy” katbasiga qo‘shilganini, kofirlarga qarshi jang qilayotganini, uning internet orqali harbiy kiyimini maqtangani aks etgan videoni tomosha qilishdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Sherzodning halok bo‘lgani, harbiy kiyimda dafn etilayotgani aks etgan video ko‘rsatildi. Xoldor hammaga ham Sherzodniki kabi shahidlik o‘limi nasib etishini tiladi.

“Jannat oshiqlari”

Sarvar nima maqsadda Koreyaga kelganini unutib, turli g‘oyalar ta’sirida diniy ta’lim olishga mukkasidan ketdi. U  terrorchilik tashkilotining yetakchisi “Abu Saloh” ismli noma’lum shaxs tomonidan guruh faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida yaratilgan  “Jannat oshiqlari” nomli saytga a’zo bo‘ldi. U yerda Suriyadagi jangarilarning amaliyoti va ularning Yer yuzida yagona xalifalik davlatini barpo etish maqsadida musulmon birodarlarni jamlashga qaratilgan da’vatlaridan ilhomlanib, mazkur terrorchilik tashkilotining tarkibiga kiruvchi “Tavhid va jihod” guruhiga a’zo bo‘ldi. Sarvarning ongi aqidaparastlik g‘oyalari bilan zaharlanib, sheriklari bilan birga terrorchilik tashkilotining faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan holda, Koreya Respublikasidan “hijrat” qilib, chiqib ketishni rejalashtirgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Tergov jarayonida fosh etilgan dalillar

Tergov jarayonida uning jamoat a’zolari bilan birga “baytulmol” sifatida pullar yiqqani, mazkur yig‘ilgan moddiy mablag‘ Abdullo Buxoriy tomonidan Turkiya davlatining Istambul shahridagi “Zaytunburna” mavzesida joylashgan “Ehson-ilm yordamlashma darnagi” nomli madrasaning fondiga, Yer yuzida yagona xalifalikni tashkil etish maqsadida terrorchilik faoliyatidan saboq olayotgan birodarlariga yuborish bilan shug‘ullanganligi ham ma’lum bo‘ldi. Uning sheriklari bo‘lgan Haydar, Xoldor, Aziz, Najmiddin, Beknazar, Abdusamatlar ham qo‘lga olindi. Azizning noutbugi tekshirilganda, “Abdullo qori”ning jihodga chorlovchi aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalari, O‘zbekiston respublikasi hududiga olib kirish mumkin bo‘lmagan ma’lumotlar topildi. Ular sudning qora kursisiga o‘tirib, yigitlarga nisbatan uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Xulosa o‘rnida

Yaxshi niyat qilib, pul topish ilinjida chet elga jo‘nagan yigitlarning qo‘llariga kishan solindi. Aslida Islom dini odam o‘ldirish, zulmkorlik va birovga yomonlik qilishni qoralaydi. Yovuz niyatlarini amalga oshirish uchun dinni niqob qilgan shaxslar esa yoshlarning soddaligidan foydalanmoqda. Mazkur maqolani yozishdan maqsadimiz ham jamoatchilikni xalqaro terrorizm muammosining ommaviy tarzda tarqalayotganidan, umumdunyoviy tahdid xarakteriga ega bo‘layotganidan, tinch yashayotgan kishilarga jismoniy va ma’naviy tazyiq o‘tkazayotganidan ogoh etishdir.

Doniyor QAMBAROV, O‘zbekiston respublikasi IIV huzuridagi

Tergov departamenti katta tergovchisi, mayor

Lola Shoimova, jurnalist

Manba: www. religions.uz

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here