Shayx Ali Tantoviy hikoya qiladi:

“Shom(Suriya)da qozi edim. Bir kuni do‘stlarimizdan birinikida to‘plandik. To‘satdan nafasim qattiq siqa boshladi. Do‘stlarimdan ketishga ruxsat so‘radim. Ular esa tonggacha birga o‘tirishni so‘rab qattiq turib olishdi. Lekin mening bunga toqatim yetmasdi. Ularga: “Toza havodan nafas olishim kerak”, dedim-da yakka o‘zim, qorong‘ida tashqariga chiqib ketdim.

Yo‘lda ketayotib bir tepalik ortidan zorlangan, o‘tinib iltijo qilayotgan ovozni eshitib qoldim. O‘tib qarasam, o‘ta nochor holdagi bir ayol yig‘lab Allohga duo qilyapti.

Uning yoniga borib “Ey singlim, nega yig‘layapsiz?” – deb so‘radim.

U javob berdi: “Erim zolim, qattiqqo‘l odam. Meni uydan haydab, bolalarimni olib qo‘ydi va ularni qayta ko‘ra olmasligimni aytib qasam ichdi. Mening borar joyim ham, yordam so‘raydigan kishim ham yo‘q”.

Men undan “Unda nega qoziga arz qilmadingiz?” – deb so‘radim.

U yig‘lab “Menga o‘xshagan bir ayol qozining oldiga qanday ham yetib bora olardi?” – dedi”.

Shayx yig‘lab hikoyasini davom ettirdi: “Ayol shu so‘zlarni aytyapti-yu, Alloh qozini (ya’ni o‘zini nazarda tutyapti) bo‘ynidan sudrab uning oldiga olib kelganidan bexabar…”

Subhanalloh! Kim unga (qoziga) tun qorong‘uligida tashqariga chiqib, ayoldan hojatini so‘rash va uning arziga quloq tutish uchun o‘z oyog‘i bilan yurib kelishni buyurdi? O‘zi ayolning oldiga kelib, undan arzini so‘rab turibdi-ya! Bu miskin ayol qaysi duoni qilgan ediki bunchalik tez suratda, ayni ko‘rinishda duosi ijobat bo‘ldi?!

Ey, o‘zini nochor his qilgan, dunyo zulmatdangina iborat deb gumon qilib qolgan kishi! Ikki qo‘lingizni yuqoriga ko‘tarib, Allohdan duo qilib so‘rang! “Bu muammo qanday ham hal bo‘lsin? Ilojsiz-ku”, demang. Balki chumolining o‘tinchini ham eshitadigan Zotga tazarru’, iltijo qiling! Shundan keyin ham siqilasizmi?!

Aniq bilingki, sabrdan keyin sizni bir yaxshilik kutib turibdi. Alloh taolo sizni biron narsa bilan sinar ekan, albatta o‘shanda siz uchun xayr bor. Hatto buning aksini (kelgan sinov qiyinchilik deb) gumon qilgan bo‘lsangiz ham… Ich-ichingizdan xursand bo‘ling.

Agar sinov bo‘lmaganida Yusuf alayhisalom otasining quchog‘ida erkalanib voyaga yetar edi. Lekin ayni shu sinov tufayli u Misr Azizi (vaziri) bo‘ldi. Shundan keyin ham siqilasizmi? Aniq ishoningki, mashaqqatga qilingan sabrdan keyin sizni kutib turgan, sizni xursand qiladigan, alam, og‘riqlarni unuttiradigan bir yaxshilik bor…

Termiz tumani bosh imom xatibi R. Abdullayev

ПОДЕЛИТЬСЯ
Олдинги мақолаJuma tongida
Кейинги мақола«AL-JOMI’ AS-SAHIYH» 2-qism

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here