Imom Abu Iso at-Termiziy aytadilar: «Bu hadis hasan (ma’qul) va sahiyhdir». Shu bob haqida Ali, Abu Bakr, Abu Hurayra, Safvon ibn Ussol, Avf Ibn Molik, Ibn Umar va Jariyrdan rivoyat etilgan hadis bor. Bizlarga Xudod rivoyat qildi, u Abul Ahvasdan, u Osim ibn Abi an-Nujuddan, u Zar ibn Xubayshdan, u Safvon ibn Ussoddan, u aytdi: «Rasululloh sallollohu alayhi vasallam safarida birga bo‘lgan chog‘larimizda bizlarga uch kechayu uch kunduzgacha choriq — mahsilarimizni yechmaslikka buyurardilar. Faqat junub bo‘lgandagina yechib, katta va kichik tahorat singanda ham, uyqudan keyin ham yechmas edik». Abu Iso at-Termiziy aytdilar: bu hadis sahiyh va hasandir. Al-Hakam ibn Utayba va Hammod Ibrohim an-Naxayidan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan rivoyat qilgan hadis sahiyh emas. Ali ibn al-Madiyniy xabar beradi: «Menga Yahyo Ibn Sa’yid aytdi, unga Shu’ba shunday degan: Ibrohim an-Naxayi «Mash» haqidagi hadisni Abu Abdulloh al-Jadaliydan hech qachon eshitmagan. Zaida Mansurdan eshitganiga tayanib shunday deydi: «Biz Ibrohim at-Tayamiyning hujrasida o‘tirgan edik, bizlar bilan birga Ibrohim an-Naxayi ham bor edi. Shunda Ibrohim at-Tayamiy bizlarga hadis rivoyat qildi, u Amr ibn Maymundan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan, u payg‘ambar alayhissalomdan «Mahsi — choriqqa mash tortish» haqidagi hadis edi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy: «Ushbu bobdagi eng ma’qul hadis Safvon ibn Ussol tomonidan rivoyat etilgan hadisdir», deydilar.
Abu Iso at-Termiziy aytadilar: Mash bobidagi bu so‘z payg‘ambar alayhissalomning aksari sahobai ulamolari va tobe’inlari hamda ulardan so‘ng o‘tgan Sufyon, Ibn al-Muborak, ash-Shofi’iy, Ahmad va Ishoq kabi fuqaholarning so‘zlaridir. Ular: «Bir joyda muqim turgan kishi bir kecha-kunduz, safardagi kishi esa uch kecha-kunduzgacha mash tortadi», deydilar. Ba’zi bir ahli ilmlardan rivoyat qilishlaricha, ular mahs — choriqqa mash tortishda muddatni belgilamaydilar. Bu Molik ibn Anasning so‘zidir. (Ammo) Abu Iso at-Termiziy aytganlar: «(Mash tortishda) vaqt (muddat) belgilash va unga rioya qilish to‘g‘ridir». Darhaqiqat, ushbu hadis (avval zikr qilinganidek) Safron ibn Ussoldan rivoyat qilingan edi.
Muallif roviylarning fikr-mulohazalari, payg‘ambar alayhissalomga yaqin bo‘lgan sahobalar va boshqa ulamolar fikriga tayanib hadis haqidagi fikrlarini bayon etadi. Asarga kiritilgan bir necha ming hadisni shunday tadqiq qilish muallifdan tinimsiz mehnat, sabr-toqat, irodani talab qilganligini tasavvur qilish qiyin emas.
Chunonchi, at-Termiziy kitoblarida bu xildagi hadislarning birmuncha ko‘pligi uning benazir izlanishlaridan dalolatdir. Ushbu asar haqida muallifning o‘zi ham: «Al-Jomi’»ni yozib tugatib Hijoz, Iroq va Xuroson olimlariga ko‘rsatganimda, ular uni mamnunlik bilan bir ovozdan ma’qul topdilar. Rostdan ham kimning xonadonida bu kitob bo‘lsa, go‘yoki bu uyda payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari so‘zlayotgandek, — deb yozadi.
Mashhur olim Toshko‘briyzoda Imom at-Termiziy faoliyatiga yuqori baho berib shunday yozadi: «Imom at-Termiziyning hadis ilmi sohasida ko‘plab tasnifotlari bor. Ul zotning «As-Sahiyh» asari ushbu kitoblarning eng yaxshisi va g‘oyat foydalisidir. Bu kitobda «sahiyh», «hasan», «g‘ariyb» kabi turli xildagi hadislar bayon etiladi. Kitobning «Kitob al-ilal» qismi illatli hadislarga bag‘ishlangan holda foydali mulohazalarni o‘z ichiga olgan. Ushbu asarni mutoala qilgan har bir kishi uning noyob durdonalaridan bebahra qolmaydi».
At-Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuksak baholaganlar. Hadis imomlaridan biri Abdurahmon ibn Muhammad al-Idrisiy «at-Termiziy hadis ilmida iqtido qilinadigan imomlardan biridir», deb yozsa, Taqiuddin ibn Taymiya «Abu Iso at-Termiziy birinchi bo‘lib hadislarni sahiyh, hasan, zaifga taqsim qilgan olimdir», deb guvohlik beradi.
Hofiz ibn Rajab o‘zining «Sharh ilal al-Jom’» nomli kitobida «bilgilki, Imom at-Termiziy birinchilardan bo‘lib o‘z kitoblarida hadisni sahiyh, hasan va g‘ariybga bo‘lganlar», deb allomaning hadis ilmidagi xizmatlarini alohida ta’kidlaydi. At-Termiziy asarining barchaga — keng ommaga foydasi haqida al-Hofiz Abul-Fazl Muhammad ibn Tohir al-Muqaddasiy (u 507-hijriy — 1113 melodiy yilda vafot etgan) «men uchun Imom at-Termiziyning «al-Jomi’» tasnifi Imom al-Buxoriy va Imom Muslim ibn al-Hajjoj asarlaridan ko‘ra ham foydaliroqdir. Chunonchi al-Buxoriy va Muslimning kitoblaridan ko‘pincha faqat o‘qimishli, ziyoli kishilargina foydalanadi. Ammo Abu Iso at-Termiziyning asaridan esa har bir istagan kishi bemalol foydalana oladi», — deb yozgan edi.
Shu narsani alohida qayd etish zarurki, Imom at-Termiziyning ushbu asarida hadis ilmining turli masalalari kabi roviylar masalasiga ham alohida e’tibor berilgan. Bu jihatdan mazkur asar muallifning boshqa asarlaridan tubdan farq qiladi.
Imom at-Termiziy asarining ushbu foydali tomonlari xususida al-Hokim an-Naysoburiy «al-Madxal ilo ma’rifat kitob al-iqliyl», al-Muqaddasiy «Shurut al-aimmat as-sitta» kabi asarlarida alohida ta’kidlab o‘tgan. Shu bilan birga hadis ilmining istilohlarini yaratishda ham Imom at-Termiziyning hissasi katta. Hadis ilmiga doir istilohlarni o‘rganishda asosiy manbalar hisoblangan «U’lum al-hadiys» («Hadis ilmlari») kitoblarida uchraydigan barcha istilohlar «al-Jomi’» asarida keng ko‘lamda keltirilgan. At-Termiziy uslubiga taqlid qilib asar yaratgan mualliflardan Imom ad-Doruqutniyni (995 yilda vafot etgan) ko‘rsatish mumkin. U o‘zining ulkan asari «as-Sunan»ni yaratishda hadislarni turli toifalarga ajratib, ularni sahiyh, hasan va zaif darajalarda keltiradi. Shuningdek, Imom Abdulazim al-Munziriy (1258 yidda vafot etgan) ham «At-Targ‘iyb vat-tarhiyb»da Imom at-Termiziy uslubidan yurib har bir hadis haqida alohida fikr yuritadi. Imom at-Termiziy haqida alloma al-Idrisiy «al-Jomi’», «Tarixlar», «al-Ilal» kabi buyuk asarlar tasnif etdi. Hifzda (yodlashda) u haqida masallar keltiradilar». Muarrix Ibn al-Asir uning haqida: «Hadis ilmida iqtido qilinadigan buyuk olimlardan biri, u eng buyuk hofizlardan ham sanaladi», deb yozgan.
Jarqo’rg’on tumani «Hazrati Bilol» jome masjidi imom xatibi H. Saidov