Bag‘dodlik bir odamga otasidan katta meros qoldi. Ammo u qisqa vaqtda boyligini yelga sovurdi; yo‘qsilga aylandi. Zero, u boylikni zahmat-mashaqqatsiz qo‘lga kiritgan edi. Tang ahvolda qolgach, qo‘l ochib, Alloh taologa yolvora boshladi. Bir necha kun duo-iltijo qildi. Nihoyat, bir oqshom tushida:
«Misrga borishing kerak, u yerda katta bir xazinaga ega bo‘lasan», deyildi. Odam uyg‘ongach, vaqtni o‘tkazmay, Misr yo‘liga tushdi. Uzoq safar uni qiynab qo‘ydi. Och, tashna, charchagan edi.
Bir necha kun Misr ko‘chalarida tentirab yurdi. Na bir burda non topdi, na xazinaning izini. Nihoyat, tilanchilik qilishga majbur bo‘ldi. Uyalganidan kechasi tilanardi. O‘sha kunlari Qohirada o‘g‘rilar ko‘payib qolishgan edi. Mirshab uni tutib oldi, o‘g‘ri deb o‘ylab, rosa kaltakladi. Shunda uquvsiz tilanchi, bechora yo‘qsil:
—    Iltimos, urma. Men o‘g‘ri emasman. Senga haqiqatni aytaman! — deb faryod soldi.
—    Qani ayt-chi, yarim kechada nimani qidiryapsan? — dedi mirshab. Balki begonadirsan. Ammo yolg‘on gapirako‘rma, menga to‘g‘risini ayt!
Odam qasam ichib, boshidan o‘tgan voqealarni ayta boshladi:
—    Men na o‘g‘ri, na cho‘ntakkesarman, bir g‘arib bag‘dodlikman, deya ko‘rgan tushini va xazina qidirayotganini aytdi.
Mirshab uning gaplariga ishondi va:
—    Hoy, sen qanday aqlsiz odamsan, bir tushga ishonib, xayolga berilib, shu yerlarga keldingmi? Men necha yildir, Bag‘dodda falon mahallaning falon ko‘chasidagi uyning falon joyida bir xazina yashiringanini tushimda ko‘raman. Shunga ishonib bo‘larkanmi? Qani, tezroq bu yerdan tuyog‘ingni shiqillat-chi. Yo‘qsa, qo‘limdan qutulolmaysan, — deb baqirdi.
Bu gaplarni eshitgan odamning sevinchi ichiga sig‘masdi. Chunki mirshab aytgan joy Bag‘doddagi uning uyi edi. Shosha-pisha Bag‘dodga yo‘l oldi («Masnaviyi ma’naviy», VI jild, 4206-bayt).

Bo‘ldi sarxush bu xabardin, ketdi dard,
Tangriga tilsiz, dudoqsiz aytdi hamd.

Dedi: shu kaltak menga nuqlu navot,
Chun do‘konim ichradir obi hayot.

Bir buyuk rizqqa yetishdim, bo‘ylakim,
Ko‘rligimdin vahm aro muflis edim.

Sharh

Sharhimiz boshlanishida o‘zbek xalq maqollaridan namunalar keltirishni ma’qul ko‘rdik:

* * *
Har yerni qilma orzu,
Har yerda bor tosh-tarozu.

* * *
Qayga borsang ham, qozonning qulog‘i to‘rtta.

* * *
Bormagan joyingda oltin bor,
Ko‘rmagan joyingda — kumush.

* * *
Falon yerda oltin bor,
Borsang, baqir (qizil mis) topilmas.

Bu maqollar orqali dono xalqimiz: yashab, ishlab, rizqingga sabab bo‘lib turgan, oz bo‘lsa-da rizqing kelib turgan joyingda shart-sharoitlarni yoqtirmay, qo‘nimsizlik, qanoatsizlik qilib, issiq o‘rningni tashlab, boshqa yerni qidiradigan bo‘lsang, hamisha ham qadr topavermaysan. Chunki har joyning ham yaxshi va yomon jihatlari, qiyinchiliklari bo‘ladi. O‘z joyingni tark etmay sabr qilsang bir baraka eshigi ochiladi, degan ma’noda o‘git beradi.
Inson tabiati qiziq. Ba’zan u xom xayollar ortidan quvlab, o‘zini charchatadi. Ba’zilar qo‘lidagi imkoniyat, uyi ichidagi xazinadan xabarsiz, diyorma-diyor kezishadi, aniqrog‘i, sarsonu sargardon yurishadi.
Mavlono Rumiy xazina izlab holdan toygan odamni bunday gapirtiradi: «Xazina izlab, sillam quridi-yu, xazina o‘z o‘yimda ekanidan xabarim yo‘q. Chunki zulmatda, g‘aflat pardasi ortida qolibman».

Dedi sho‘rlik: ganj erur xonamda chun,
Men faqirmen yo‘qsilu zormen nenun?

Bo‘yla bir yo‘qsil gado ganj uzramen,
Chunki zulmat ichra, g‘aflat ichramen.

Hikoyada anglatilgani kabi, ba’zan juda yaqindagi ne’mat va imkoniyatlarga qancha ko‘p zahmat va qiyinchiliklardan so‘nggina erishiladi.
Bu hikoyani yana quyidagicha tushunish ham mumkin: Aslida xazina bir majoz, timsoldir. Ya’ni, bu o‘rinda chinakam ishq xazinasi nazarda tutilgan. Bu asl xazina o‘zimizdadir. Har birimiz ma’naviy komillikka, ko‘nglimizdagi noyob xazinaga yetishmoqni maqsad qilishimiz kerak.
Shu ma’noda Hazrat Alisher Navoiy:

O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsan, o‘zingdin istagil,
deb yozganlar.

Sh. Anvarov

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here