Hadis ilmiga bag‘ishlangan asarlarda ahkom masalalarini o‘rganish hijriy ikkinchi asrning o‘rtalaridan, Imom Molik ibn Anas davridan boshlangan edi. Mana shu paytdan boshlab hadislarni tadvin etish (tartiblash) fiqhiy boblarga asoslanib amalga oshirilib, shu maqsadda muvattot tartibida asarlar paydo bo‘la boshladi. Masalan, al-Qoziy Iyod o‘zining «al-Mudorak» nomli asarida «birinchi bo‘lib «al-Muvatto» asarini yaratgan Abdullaziz ibn Abdulmalik ibn al-Majishun» deb yozgan edi.

Shundan so‘ng Imom Molik ibn Anas uning bu faoliyatini g‘oyatda ma’qullab o‘zi ham «al-Muvatto» asarini tasnif etdi. U o‘zi al-Madina al-munavvara va boshqa shaharlarda uchratgan ulamolardan yozib olgan hadislaridan tanlab olib bu asariga kiritdi. Muallif ushbu asariga kiritgan mazkur hadislarni sof manba deb hisoblab, hadis to‘plash maqsadida boshqa mamlakatlarga safar qilmadi. Yana shuni qayd etish kerakki, «al-Muvatto»ga nafaqat marfu’ (ya’ni payg‘ambar allayhissalomga borib bog‘lanadigan) hadislar, balki madinalik sahobalar va tobe’iyn ulamolardan rivoyat qilingan hadislar ham kiritilgan. Shu bilan birga muallif fiqhiy masalalarda o‘z nuqtai-nazarini va mulohazalarini bildirgan edi. Yuqorida zikr qilganimiz al-Qoziy Iyod «al-Mudorak» asarida Molik ibn Anasning o‘z asari «al-Muvatto» haqida «Unda («al-Muvatto»da) Rasululloh hadislari, sahoba va tobe’iynlarning so‘zlari va o‘zimning fikr-mulohazalarim mujassam bo‘lgan», — degan so‘zlarini keltiradi.

Molik ibn Anas ushbu asarini yaratishga alohida e’tibor va o‘ta mas’uliyat bilan qaradi. Asarga tanlab kiritilgan hadislarning soni to‘rt ming hadisni tashkil etadi. Ko‘p olimlarning fikricha, bu asar islom dini ravnaqi uchun ham, musulmonlar uchun ham katta ahamiyatga molikdir. Muallifning turli masalalar bo‘yicha o‘z fikrini dadil bildirishi «Uyqudan namozga turilsa, albatta, tahorat olish zarur» degan fikrida namoyon bo‘ladi.

Hadislardagi fiqhiy masalalarni tadqiq etishda Molik ibn Anasga ergashgan ayrim mualliflar (masalan, Ibn Abu Shayba, Abdurrazoq ash-Shofi’y) ham shu yo‘sinda asarlar tasnif etdilar. Mana shu mualliflar asarlarini, shuningdek, ahl ar-rayning fiqhiy masalalardagi fikr-mulohazalarini har tomonlama chuqur o‘rgangan, tadqiq etgan Imom al-Buxoriy o‘zining «as-Saxiyh» asarida fiqhiy masalalarga alohida e’tibor berib uni batamom yuksak pog‘anaga ko‘tardi. Imom al-Buxoriydan keyin bu sohaga qo‘l urgan muhaddislardan biri uning shogirdi Imom at-Termiziy hisoblanadi. Bu paytga kelib hadislarda fiqhiy masalalarda qator asarlar yaratilgan va muayyan darajada taraqqiy etgan edi. Mana shunday holatda Imom at-Termiziy o‘zining shoh asari «al-Jomi’»da o‘ziga xos uslubni qo‘llaydi. Muallif fiqhiy masalalar va ahkomlarni o‘z abvoblari (boblari) mazmuni jumlasiga kiritadi. Fiqh ilmi olimlarining fikr-mulohazalarini keltirib turli-tuman mazhablardan ogoh qildi, ba’zi hollarda ulardan eng maqbuli va afzallarini ajratib ko‘rsatdi. O’z asarlarida ahl al-ilm nazdida qabul bo‘lgan hadislarga tayangan holda fikr yuritdi.

Fiqhiy masalalarda Imom at-Termiziy uslublarini umumlashtirgan holda quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:

— tarojumlarga e’timod qilish;

— bob mazmunida ulamo va roviylar fikrini hadislarda ifoda etish;

— g‘oyalar o‘rtasida afzallarini alohida ko‘rsatish;

—  boblarni ulardan kelib chiqadigan ahkomlarga asosan turlarga bo‘lish.

Imom at-Termiziyning «al-Jomi’» asari bahsli masalalarni talqin qilishda yirik manba hisoblanadi. U ayniqsa qadimiy (qariyb unutilayozgan) ta’limotlarni o‘rganish masalasida tengi yo‘q asarlardan biri sifatida tan olingan. Masalan, Imom al-Avzo’iy, Iroqda yashagan mashhur imomlardan Sufyon as-Savriylarning mazhabiy ta’limotlari uzoq muddat amalda joriy bo‘lgan edi.

Ibn Rohvayh nomi bilan mashhur bo‘lgan xurosonlik olim Imom Ishoq Ibrohim al-Hanzaliy, movarounnahrlik alloma Abdulloh al-Muborak al-Marvaziy mazhablarini o‘rganishda ham Imom at-Termiziy asarining ahamiyati beqiyos edi. Bu asar nafaqat qator mazhabiy ta’limotlar, ayni vaqtda ulamolar o‘rtasidagi ixtilofiy masalalarni har tomonlama o‘rganishda ham alohida ahamiyatga molik edi. Shu bois bu asar haqida «Ixtilofli masalalar haqida bizgacha yetib kelgan eng qadimiy manba» deb alohida ta’kidlanadi. Imom at-Termiziy asarining o‘sha mazhab sohiblari va peshvolari yashagan davrga vaqt jihatdan yaqinligi asarga ishonchli manba sifatida qarashni taqozo etadi. Bu hol ayniqsa ilm ahllari va tadqiqotchilar uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Chunonchi, asardagi naqllarda imkon boricha kamroq xatoga yo‘l qo‘yilib, keyin yozilgan asarlarga nisbatan unga afzallik beriladi.

Imom at-Termiziyning «al-Jomi’» asarida fiqhiy masalalar ham ifoda etilgan bo‘lib, ularni tadqiq etishda uchta muhim jihatga e’tibor berishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Birinchi masala — Imom at-Termiziyning fiqhiy yo‘nalishi.

Ikkinchi masala — u rivoyat qilgan hadislarda mazhabiy isnodlarning o‘rni.

Uchinchi masala — fiqhiy masalalar ifodasi.

Mana shu masalalarni batafsil ko‘rib chiqish at-Termiziyning fiqhiy masalalardagi qarashlarini to‘liq ifoda etadi.

Imom at-Termiziyning fiqhiy yo‘nalishi. Hijriy ikkinchi asrni islom dinida fiqhiy masalalarda uyg‘onish davri, desak hech bir mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunonchi, ayni shu paytda ijtihod degan masala paydo bo‘lib, bu sohada turli mazhablarning ashoblari — yirik ulamolar yetishib chiqqan.

Ijtihod — Qur’oni karim va payg‘ambar alayhissalom hadislariga asoslangan holda davr taqozosini hisobga olib, jamiyat taraqqiyoti va ma’naviyati ravnaqiga xizmat qiladigan foydali g‘oya va mafkuralar yaratish, muammolarni hal etishning maqbul, yangi yo‘llarini topishdir. Bu hol, albatta, islom dinining o‘ziga xos xususiyatlaridan hisoblanadi. Binobarin ilm-fan taraqqiyotidagi o‘zgarishlarni teran anglab shariat ahkomlarini zamonga mos ravishda talqin qilish har qanday davrda ham xalqimizning har tomonlama taraqqiy etishiga sezilarli vosita bo‘lgan.

O’sha davrdan boshlab ijtihod ahlining tutgan yo‘li (tariqati) asosan ikki guruhga ajralgan edi: ahl ar-ray tariqati va ahl al-hadis tariqati. Ahl ar-ray tariqatining markazi Iroqda,  ayniqsa al-Kufa va Basrada bo‘lib, uning ulamolari ahl ar-ray deb atala boshlandi. Ahl al-hadisning maktabi al-Hijoz (Makka, Madina)da bo‘lib ular ulamolariga ahl al-hadis deb nom berildi. Har toifaning yetakchi imomlari bo‘lib, ularning izdoshlari o‘z mazhablarining afzalligi va g‘alabasi yo‘lida jiddi-jahd ko‘rsatardilar va da’vat yo‘li bilan yangi tarafdorlarni topib, ular sonlarini ko‘paytirishga intilardilar. Hijriy uchinchi asrda hadis ilmida olti sahih kitoblarning mualliflari, shu jumladan Imom at-Termiziy yashab ijod qildi. Bu davrda musulmonlar o‘rtasida mashhur imomlarning mazhablariga qo‘shilish, mazhabiy taqlid paydo bo‘ldi. Bunda taqlidchilar muayyan bir imom mazhabini ixtiyor etib, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab tarafkashlik qilar, ko‘p hollarda esa ular o‘rtasida qizg‘in bahslar, kurashlar ham sodir bo‘lardi. Mana shu tariqa ular o‘rtasida ixtilof kuchaya boshladi.

Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziyga o‘xshash nufuzli muhaddislar Qur’oni karim, payg‘ambar hadislari, sahobai kiromlarning asarlarini butun mazmun-mohiyati bilan egallaganliklari tufayli, ularda ijtihodiy qarashlar mavjud bo‘lsa-da, lekin ular taqlidchilarga mansub emasdilar. Ular o‘z ijtihodiy g‘oyalari haqida baralla gapirib, shunga amal qilardilar, ayniqsa ixtilofli masalalar paydo bo‘lgan vaziyatlarda bu holatga ko‘proq rioya qilardilar.

Turli mazhablar va g‘oyalarga munosabat masalasida Imom at-Termiziyning tutgan mavqei payg‘ambar alayhissalomning hadislari va faqat dalil-isbotlar bilangina xulosa chiqarishga asoslangan edi. Albatta, bunday hollarda faqat sahiyh hadislar va eng kuchli dalil asosiy rol o‘ynar edi. U o‘z ustozlari — eng avvalo Imom al-Buxoriyning va boshqa hadis ilmidagi ulamolarning ta’sirida ahl ar-ray mazhabiga emas, ahl al-hadis yo‘lida sobitqadamlik bilan fikr yuritdi, uni chuqur tahqiq va tadqiq (istinbot) etish orqali o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Imom at-Termiziy ijodining yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, u ahl ar-ray haqida gapirar ekan, ular mazhablarini bayon kilish uchun o‘z asarida «qola ahl al-Kufa» (Kufa ahli degan) yoki «Qola ba’zu ahl al-Kufa» («ahl al-Kufadan ba’zisi degan») kabi iboralarni ko‘p ishlatadi.

Imom at-Termiziy asarida ko‘p uchraydigan iboralardan yana biri «ashobuno» («bizning ashoblarimiz») iborasidir. Bu umumlashgan atama bilan at-Termiziy Molik ibn Anas, Muhammad ibn Idriys ash-Shofe’iy, Ahmad ibn Hanbal, Ishoq ibn Rohvayh kabi fiqh ilmining mujtahidlaridan bo‘lgan ahl al-hadisni nazarda tutgan.

Hadis ilmining yirik allomasi sanalgan Imom at-Termiziy ulamolarning so‘zlari va ularning fiqhiy ta’limotlarini faqat hadislarga xos bo‘lgan ishonchli isnodlar bilangina keltiradi, ularga tayanib ilmiy xulosalar chiqaradi. Binobarin, mazhab sohiblaridan naql etiladigan fikr-mulohazalarni bilishda isnodlar katta ahamiyat kasb etardi. Imom at-Termiziy fiqhiy isnodlarni Sufyon as-Savriy, Muhammad ibn Usmon al-Kufiy, Ubaydulloh ibn Muso al-Abasiy, Maktum ibn Abbos at-Termiziy, Muhammad ibn Yusuf al-Firyobiydan naql qilgan.

Bir qancha buyuk muhaddislar bu sohada barakali ijod qilgan bo‘lib, ulardan Imom al-Buxoriyning ustozi Ali ibn Abdulloh al-Madiyniy, Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom al-Buxoriy, Muslim ibn al-Hajjoj, Imom at-Termiziy, Ibn Abu Hotam, ad-Doruqutniylarni zikr qilish mumkin. Mana shu mualliflarning asarlaridan Imom ad-Doruqutniyning musnadlarga asoslanib tartib berilgan o‘n ikki jildlik illatli hadislarga bag‘ishlangan asari alohida o‘rin egallaydi.

Imom at-Termiziy illatli hadislarga bag‘ishlab ikki asar yaratgan bo‘lib, ular «Al-Ilal as-sag‘iyr» va «Al-Ilal al-kabiyr yoki al-mufrad» nomi bilan ataladi. «Al-Ilal as-sag‘iyr» asarini Imom at-Termiziy «al-Jomi’»ning xotimasi sifatida yaratgan. «Al-Ilal al-kabiyr yoki mufrad» esa alohida mustaqil asar bo‘lib, unda birinchi asariga kirmagan illatli hadislar keltirilgan.

Jarqo’rg’on tumani «Hazrati Bilol» jome masjidi imom xatibi H. Saidov

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here