Ulug‘lardan Hayyon ibn Hibolning majlisiga orifa ayollardan biri keldi va so‘radi:

– Orangizda mening savollarimga javob bera oladigan biror kishi bormi?

Majlis ahli shu kishidan javob olasiz, deya Hayyon ibn Hibolni ko‘rsatishdi.

– Sizningcha saxovat nima? – so‘radi ayol.

– Ko‘p sadaqa va ehson qilish, – dedi Hayyon ibn Hibol.

– Bu aytganingiz dunyo bilan bog‘liq. Men dindagi saxovat haqida so‘radim.

– Chin ko‘ngildan Allohga ibodat qilish saxovatdir.

Ayol yana so‘radi:

– Qilayotgan ibodatingiz uchun Alloh taolodan evaz istaysizmi?

– Tabiiyki, ha… Alloh taolo bizga kamida birga o‘n daraja ajr va’da qilgan.

– Juda qiziq! Ham birga o‘n daraja savob kutasiz, ham o‘zingizni ibodatda saxovatlilardan sanaysiz.

Ayolning bu gapidan keyin majlis ahli sukutga cho‘mdi. Bir muddatdan keyin Hayyon ibn Hibol ayoldan so‘radi:

– Sizning nazdingizdagi saxovat qanday?

– Chin saxovat biror nima ta’ma qilmay, zavq bilan, faqat Alloh taoloning roziligini ko‘zlab ibodatda bo‘lish, samimiy bandalik etishdir. Bizning vazifamiz Allohga itoat, ibodat qilish. Tangri taolo istaganini qilguvchi, dillarimizdagi sirlarni-da bilguvchidir. Ko‘nglingizdan kechganlardan xabardor ekanini bila turib, dilingizda ta’ma bilan Alloh taologa ibodat qilishga uyalmaysizlarmi?..

Sherobod tumani bosh imom xatibi U. Bo’ronov

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here