Niyat — dinimizdagi eng muhim amallardan biri bo‘lib, oddiy ishlar ham niyatni yaxshiligi sababli savobli amallarga aylanadi va niyatning yomonligi tufayli gunoh ishlar qatoriga kiradi. Niyat qalb amalidir.
Agar qalbdan niyat qilib, uni tilda ham zikr etsa, yanada yaxshi. Musulmon kishi dunyo hayotida qilayotgan har bir ishini ibodat darajasiga ko‘tarishga harakat qilishi kerak.
Alloh taolo O‘z bandalarini faqat ezgu ishlar qilishga chorlab bunday deydi.
«Bas, kimiki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin»! (Kahf surasi 110-oyat) .
Shuning uchun har bir banda chinakam ma‘rifatga erishish uchun yaxshi niyat orqali ezgu amallarni ko‘paytirishi lozim.
Biz qiladigan amallarimiz uchun niyatimizga ko‘ra ajr-savobga erishamiz. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar.
«Amallar faqat niyatlarga ko‘radir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi» (Muttafaqun alayh).
Ushbu hadisga ko‘ra, har bir katta yoki kichik ishni yaxshi niyat bilan bajarsak, savob olamiz.
Har bir ishni yaxshi niyat bilan qilsa, Alloh yo‘lida bo‘ladi.
Payg‘ambar alayhissalom va sahobalar otlanib turganlarida sahobalarning oldidan bir jussasi yirik polvon yigit o‘tadi sahobalar uni ko‘rib qaniydi yo Rosululloh mana shu yigit Allohni yo‘lida jihodga chiqsaya foyda ko‘p bo‘lardi degan mazmunda gapirishadi.
Shunda xazrati Rasuli alayhissalom bu gaplarni aytganlar. Agar dedilar bu odam yosh bolalarini deb ko‘chaga chiqqan bo‘lsa tirikchilik g‘amida Allohning yo‘lida bo‘ladi dedilar.
Agar bu qari ota onasini deb ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, (ota onasini boqaman deb yoki ota onasini davolataman deb ) ko‘chaga chiqqan bo‘lsa u Allohning yo‘lida bo‘ladi dedilar. Agar u o‘zining iffatini saqlash uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa (tirikchilik qilish uchun tilanchilik qilgandan ko‘ra) u Allohning yo‘lida bo‘ladi dedilar.
Ammo o‘zini ko‘z ko‘z qilish maqtanish mufaxxoro uchun chiqqan bo‘lsa u shaytonning yo‘lida bo‘ladi dedilar .
Qadimda bir qayiqchining kichik qayig‘i bor ekan. Qayiqning ikki eshkaki bo‘lib, ularning birida «niyat» ikkinchi eshkakda esa «harakat» deb yozilgan. Qayiqqa mingan odamlar bu yozuvlar sababini so‘rasa, qayiqchi shunday javob berar ekan: «Agar men faqat «niyat» deb yozilgan eshkakni harakatlantirsam, u holda qayiq bir joyda aylanib qolaveradi. Agar faqat «harakat» deb yozilgan eshkakni harakatlantirsam ham, qayiq bir joyda aylanaveradi. Agar ikkalasini baravar aylantirsam, shundagina qayiq manzilga yetadi.
Inson ham faqat niyat qilsa-yu harakat qilmasa, bir joyda aylangan qayiq kabi manzilga yetmaydi. Maqsadga yetish uchun avval «niyat» va «harakat» bo‘lishi kerak.
Oltinsoy tuman «Qorliq» jome masjid imom xatibi Hamidulloh Turdiyev