«Hayo» so’zi lug’atda «uyalish», «tortinish», kabi ma’nolarni anglatadi. Boshqacha qilib aytganda «Hayo» aybdan va yomonlanishdan qo’rqib o’zini past olish va o’zgarishdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
Imon yetmishdan ortiq bo’lakdan iboratdir. Uning eng afzali «Laa ilaha illalloh» deyish va eng quyisi, yo’ldagi ozor beradigan narsani olib tashlashdir. Hayo ham — iymonning bir bo’lagidir’, — deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharifda imonning eng oliy va eng quyi bo’laklaridan keyin «Hayo»ni alohida ta’kidlab: «Hayo iymonning bir bo’lagidir» , — deyilishi bejiz emas. Chunki, hayo iymonning eng ajoyib ko’rinishlaridan biridir. Hayo insonni doimo yaxshilik qilishga, yomonlikdan chetlanishga chorlovchi ajoyib xislatdir.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga qarata:
Allohdan haqiqiy hayo qilinglar», — dedilar. Sahobalar «Ey Allohning Rasuli, biz, albatta, hayo qilamiz, alhamdulillah «, — deyishdi. «Undoq emas. Allohdan haqiqiy hayo qilish, boshni va u o’z ichiga olgan narsalarni, qorinni va u o’z ichiga olgan narsalarni saqlamog’ingdir. O’limni va (qabrda) chirishni eslamog’ingizdir. Kim oxiratni xohlasa, dunyo ziynatini tark qilur. Kim o’shalarni qilsa, Allohdan haqiqiy hayo qilgan bo’lur», — dedilar» (Imom Termiziy rivoyatlari).

Ummatlari uchun har bir ishda namuna bo’lgan Zot Muhammad alayhissalom hayo bobida ham peshqadam edilar.

Abu Said al-Hudriy roziyallohu anhu U Zotni shunday sifatlaganlar:
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning hayolari chimildiqdagi kelinnikidan ham kuchliroq edi. Bir narsani yoqtirmasalar, yuzlaridan bilar edik» (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Bu hadisda ham Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning hayolarini ta’riflashda go’zal o’xshatish tanlangan. Ma’lumki, hayoning eng yuqori cho’qqisi go’shangaga kirgan yangi kelinchakda kuzatiladi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning hayolari esa ushbu darajadan ham yuqori edi.
Shuningdek, U Zot sahobalarni doimo hayoga targ’ib qilardilar. Hayosizlikning salbiy oqibatlaridan ogohlantirardilar.

Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar.
«Hayo iymondandir. Iymon jannatdadir. Hayosizlik jafodir. Jafo do’zaxdadir», — deganlar (Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari).

Ma’siyatlar qalbdan hayoni ketkazadi. Hayo — barcha yaxshiliklarning asosidir.
Hayoning ketishi barcha yaxshiliklarning ketishidir. Ma’siyatlarda bardavom bo’lish asta-sekin hayoni zaiflashtirib borib, bir yo’la yo’q qilib yuborishi ham mumkin.

Alloh taolo barchamizni Islom xulqlari bilan ziynatlanishimizga muvaffaq etsin. Amin!

Oltinsoy tuman «Qorliq» jome masjid imom xatibi Hamidulloh Turdiyev

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here