HAR BIR INSON O‘Z YO‘LIDAN ADASHMASIN
Dinimizda insof-diyonat, o‘zaro totuvlik, jamiyatdagi birdamlik va mehr-muhabbat kabi xislatlar qadrlanadi. Chunki tinchlik-totuvlik va o‘zaro hamjihatlik bo‘lgan jamiyat rivojlanadi, gullab-yashnaydi. Odamlar orasida fitna va ixtilof, bir-biriga qarshi gij-gijlash, ularni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishga urinish qattiq qoralanadi.
“Fitna” so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, lug‘atda “sinash, imtihon qilish”, “olovda toblash” ma’nolarini bildiradi. Qur’oni karim va Hadisi shariflarda esa “fitna” so‘zi bir necha ma’nolarda kelgan bo‘lib, “sinov, imtihon, haq yo‘ldan to‘sish, olovda azoblash, shirk, kufr keltirish, botilni haq qilib ko‘rsatish” ma’nolarida uchratish mumkin.
Hozirgi kunda musulmonlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar, ularni bir-biriga gij-gijlash, musulmon yurtlarda urush chiqarib, odamlarni qatl va quvg‘in qilish ham katta fitna hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir” (Baqara surasi, 217-oyat).
Fitnaning eng ko‘p ishlatiladigan ma’nosi buzg‘unchilik, fisqu fasod qo‘zg‘atish, jamiyatda turli asossiz mish-mishlar tarqatish, xalqni o‘z davlatiga qarshi qo‘yishdir. Fitnaning eng yomon tomoni shundaki, ko‘pchilik uning asl mohiyatini anglamaydi.
“Jihod”, “Islom davlati qurish” kabi niqoblardagi urushlar, xunrezliklar qanchadan-qancha odamlarni o‘z domiga tortib ketdi. O‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lmagan kishilar bunday hollarda chet eldagi gumashtalarining “fatvo”lari bilan fitnani oqlamoqchi bo‘ladilar.
Musulmonlarning boshiga tushgan kulfatlarni yog‘dirgan “ISHID” terrorchi tashkiloti ham zamonamizning ana shunday fitnalaridan biridir. Binobarin, bu mash’um tashkilot sabab qanchadan-qancha tinch aholi uyini tashlab, qochoqlikka mahkum bo‘ldi. Millionlab yoshlar maktabga borolmay qoldi. Qanchadan-qancha ayollar beva, norasida go‘daklar esa yetim qoldi. Obod yurtlar xonavayron bo‘ldi. Fikr, mushohada qilgan kishi borki, bu fitnalar musulmonlar boshiga faqat kulfat va achchiq azob keltirishini anglab yetadi. Fitnalar domiga tushib qolmasligi uchun yoshlarimiz birinchi navbatda do‘st bilan dushmanning farqiga borishlari kerak. Kim bizga to‘g‘ri maslahat beradi, xato va kamchiliklarimizni to‘g‘rilaydi, kimlar bizning qoqilishimizni poylaydi. O‘zini do‘st tutib, fursat kelganda orqadan pichoq uradiganlar kim? Bularning farqiga borish kerak. Har kimning gapini haqiqat bilib, ko‘r-ko‘rona ergashib ketavermaslik kerak.
Biror yangilikni eshitgan taqdirda ham, uning manbasini yaxshilab tekshirish kerak, bu qanchalik haqiqat ekani, u kimning foydasiga xizmat qilishini aniqlash kerak. Ba’zan yoshlarimiz internet ijtimoiy tarmoq saytlarida e’lon qilingan yolg‘on-yashiq ma’lumotlarni ham boshqalarga tarqatadilar, uni muhokamaga qo‘yib, odamlarni chalg‘itadilar. Fitnalar qarshisida har kimning asl qiyofasi fosh bo‘ladi. Haqiqiy vatanparvar, imonli-e’tiqodli kishilar kimlaru, xoin-xudbinlar kimlar, hammasi aniq bo‘ladi.
Bizning jonajon Vatanimizdagi taraqqiyot, bugungi ijobiy o‘zgarishlar, tinch-farovon hayotimiz kimlargadir yoqmasligi va ular bizni chalg‘itish uchun turli-xil ig‘vo va fitnalar uyushtirishi tabiiy. Biz esa bu fitnalarga aldanmasligimiz, yoshlarimizni ham to‘g‘ri yo‘lga boshlashimiz kerak. Negaki, yurt tinchligi, inson salomatligi katta ne’mat. Ular bor joyda rivojlanish, erkinlik ham bo‘ladi. Ming afsuski, ayni shu kunlarda ham fitna o‘choqlarida qurbon bo‘layotgan, uy-joysiz qolib, qochoq bo‘lib yurgan, urushdan qo‘rqib, bolalarini maktabga ham yubormay qo‘ygan millionlab kishilar bor. Bu voqealarni tafakkur qilgan kishi, aslida inson o‘z uyida xotirjam istirohat olishi ulkan ne’mat ekanligini anglaydi. Alloh taolo qiyinchilikda qolgan insonlarga ham xotirjamlikni qaytarsin!
Termiz tuman bosh imom xatibi: Y.Ochilov