Islom ummatining barcha ulamolari ota-onaga oq bo‘lish harom va uning gunohi kabiralardan ekanligi borasida yakdildirlar. Ota-onasiga oq bo‘lgan ya’ni ota-onasiga o‘zining itoatsizligi, yomon xulqi va qo‘pol muomalasi bilan ozor yetkazuvchi, ulardan yaxshiligini darig‘ tutuvchi farzand Alloh taolo tomonidan dunyoyu oxiratda turli uqubatlar bilan jazolanadi:
1. Uning rizqi tor qilib qo‘yiladi, mabodo keng bo‘lsa ham bu istidroj bobidan bo‘ladi. Ya’ni agar unday insonning rizqi torayish o‘rniga kengayayotgan bo‘lsa, aslida, bu uning foydasiga emas zarariga bo‘layotgan, uning yanada tug‘yonga ketib, gunohlar jarligiga chuqurroq qulashi uchun amalga oshirilayotgan bir tuzoq bo‘ladi.
2. Ota-onasiga yomonlik qiluvchi kishining umri ota-onasiga yaxshilik qiluvchi, qarindoshlari bilan bordi-keldi qiluvchi kishining umridek uzaytirib qo‘yilmaydi.
3. Payshanba kuni-juma oqshomida uning solih amallari Alloh huzuriga ko‘tarilmaydi.
4. Unday kimsani Alloh taolo yomon ko‘radi.
5. Uni o‘z ahli oilasi va qo‘ni-qo‘shnilari ham sevishmaydi.
6. Unday insonning yomon xotima topish ehtimoli bor.
7. Ota-onasiga oq bo‘lgan insonni Alloh, farishtalar ham mo‘minlar la’natlaydilar.
8. Duosi ijobat bo‘lmaydi.
9. U ota-onasiga qanday yomon muomala qilgan bo‘lsa, xuddi shunday muomalani o‘z farzandlari va nabiralaridan ko‘radi.
10. Ota-onasiga oq bo‘lgan inson agar tavhid ahlidan bo‘lsa, jannatga birinchilar qatorida kirolmaydi.
11. Garchi jannatga kirsa ham Alloh unga nazar qilmaydi.
Alloh taoloning bir bandasiga nazar qilmay, “yuz burishi” aslida mo‘min kishi uchun eng katta jazodir.
Nabiy (alayhissalom) dedilar: “Uch toifa inson borki, Alloh azza va jalla Qiyomat kuni ularga boqmaydi. Ular: ota-onasiga oq farzand, o‘zini erkakcha tutadigan ayol hamda dayus kishidir”. Boshqa bir hadisi sharifda esa: “Minnatchi, ota-onasiga oq farzand va xamrga mukkasidan ketgan kishi jannatga kirmaydi, deyiladi. Abu Hurayra (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, bir kuni Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Xor bo‘lsin!.. Yana xor bo‘lsin!.. Yana xor bo‘lsin!..”, — dedilar. Sahobiylar “kim (xor bo‘lsin), Yo Rasulalloh!”, — deyishdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Ota-onasining har ikkisi yoki biriga — ularning qarilik chog‘ida — yetishganu, lekin (ularni rozi qilib) jannatga kirmagan kishi!”, — dedilar. Demak dinimizda Ota-onaga itoatsizlik qilish, ularga qattiq gapirish, jerkish, xafa qilish, haqorat qilish, eng achinarlisi ularga qo’l ko’tarish — gunohi kabiradir. Ota-onaga oq bo’lish degani aslida — mana shu. Uni ota-ona tilda aytishlari shart emas. Balki qattiq ranjishlari yetarli bo’ladi. Abdulloh ibn Muborak shunday deganlar: «Agar ota-onang sen bilan murosa qilishni boshlasa, senga gapirganda, bezovtalanishingdan, g’azabing chiqishidan qo’rqib, ehtiyotkorlik bilan, so’zlarni saralab gapira boshlashsa — bilib qo’yki, ota-onangga oq bo’lyapsan!» Afsuski, gohida ota-onasiga yuqorida zikr qilingani kabi noloyiq muomala qiladigan farzandlar ham uchrab turadi. Ular Alloh taologa astoydil tavba qilib, ota-onasidan kechirim so’rab, qaytadan ularni rozi qilishga harakat qilishlari kerak.
Alloh taolo barchamizni ota-onasini rozi qiladigan farzandlardan qilsin! Ota-onalarimizni tani-jonlarini salomat qilib, uzoq yillar duogo’yimiz bo’lib yurishlarini nasib qilsin! Amin.
Oltinsoy tuman «Qorliq» jome’ masjid imom xatibi H. Turdiyev