«Yolg’on» so’zi arab tilida «kizb» deyiladi va lug’atda rostning teskarisini anglatadi. Dinimizda esa yolg’on gunohi kabiradir. Gunohi kabira katta gunoh degan ma’noni anglatadi. Gunohi kabira — uni qilgan odamga Qur‘on yoki hadisda do‘zaxga kirish tayin qilingan gunohlar, shariatda haddni joriy etishni taqozo qiladigan gunohlar, Alloh taolo man qilgan har bir ish. Allohga shirk keltirish, odam o‘ldirish, ota-onaga oq bo‘lish, zino, o‘g‘rilik, aroqxo‘rlik, yolg‘on gapirish kabilar gunohi kabiralardirlar.
Imron ibn Husayndan rivoyat qilinadi:
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: Zino, aroqxo‘rlik, o‘g‘rilik haqida nima deysizlar? dedilar. Alloh va Uning Rasuli biluvchi dedik. Bular fahsh ishlardir. Ularning uqubati bor. Sizlarga gunohi kabiralarning kattasini aytib beraymi? Allohga shirk keltiriah va ota-onaga oq bo‘lish, — dedilarda, yonboshlab yotgan edilar, o‘rinlaridan turib o‘tirdilar va: — Yolg‘on gap aytish, dedilar.
Yuqoridagi zikr qilingan hadisga e‘tibor qaratadigan bo‘lsak Payg‘ambar alayhis-salom Allohga shirk keltirish va ota-onaga oq bo‘lish bu ikki gunohni aytayotganlarida yonboshlab yotganlar. Uchinchi gunoh — yolg‘onni aytishdan oldin muborak o‘rinlaridan turib o‘tirdilar va: Yolg‘on gap aytish dedilar. Bu esa yolg‘on o‘zidan avvalgi ikki gunohi kabiradan ham kattaroq ekanini ko‘rsatadi.
Har-bir mo‘min musulmon uchun Alloh taologa shirk keltirish qanchalik qo‘rqinchli ish bo‘lsa, ota-onaga oq bo‘lish qo‘rqinchli ish bo‘lsa, yolg‘on gapirish ham huddi shunday qo‘rqadigan ish bo‘lishi kerak ekan.
Ibn Mas‘ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero rostgo‘ylik ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom etaveradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik fojirlikka ( gunohkorlikka ) , fojirlik esa do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishda davom etaveradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yoziladi» , dedilar » ( Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati ).
Aytildi: » Yo Rasululloh , mo‘min qo‘rqoq bo‘ladimi?» Aytdilar «Ha» . Mo‘min baxil bo‘ladimi?» «Ha», dedilar. «Mo‘min yolg‘onchi bo‘ladimi?» «Yo‘q» dedilar.
Alloh subhanahu va taolo barchalarimizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va barchalarimizni yolg‘ondan saqlanadigan solih bandalari qatorida qilsin. Amin!
Oltinsoy tuman «Qorliq» jome masjid imom xatibi H. Turdiyev