Uning to‘liq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhoq Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bug‘iy at-Termiziy bo‘lib, hijriy 209 (melodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bug‘ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlog‘ida o‘rta hol bir oilada tavallud topgan. Markaziy Osiyolik mashhur tarixchi Abu Saad Abdulkarim as-Sam’oniy (1113-1167) at-Termiziy Bug‘ qishlog‘ida vafot etganligi uchun al-Bug‘iy taxallusi bilan ham atalganini, olimning ko‘p yig‘laganidan umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligidan az-Zariyr (ko‘zi ojiz) taxallusini olganligini ham qayd qiladi.
Lekin el orasida at-Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lishiga sabab uning butun hayoti va faoliyati (yoshligidan boshlab) Termiz shahri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganligidan, shuningdek, olim tug‘ilgan Bug‘ qishlog‘i Termiz shahriga yaqin bo‘lib, ma’muriy-idoraviy jihatdan unga mansub qishloqlardan ekanligidan deb izohlash mumkin.
At-Termiziyning oilasi va ota-onasi haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilmagan. Tarixchilar uning «Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, so‘ng u yerdan Termizga ko‘chib kelgan», — degan fikrini keltirish bilan chegaralanadilar. Shuningdek, at-Termiziyning ko‘zi ojizligi xususida ham yozma manbalarda turli-tuman ma’lumotlar keltirilgan. Ba’zi mualliflar uni tug‘ma ko‘zi ojiz bo‘lgan desa, ko‘pchilik mualliflar olimning keyinchalik, umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligini yozadilar.
At-Termiziy yoshligidan o‘ta tirishqoq, idrokli va zakovatli bo‘lganligi bois o‘z tengdoshlari ichida ajralib turgan. Ilmga o‘ta qiziqishi tufayli o‘sha davrning ko‘pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallagan. Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamo va muhaddislar asarlarini qunt bilan o‘rgangan, qo‘shni Balx va Hayraton shaharlaridagi ilm ahllari bilan ilmiy aloqalar o‘rnatilishiga munosib hissa qo‘shgan olimlardan biridir. Yoshligidan ilm-fanga tashna at-Termiziy 850 yildan, ya’ni yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safar qiladi. Jumladan, u Hijozda — Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida ko‘plab muhaddis, ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan ta’lim oladi, qizg‘in ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Tarixchi Shamsuddin az-Zahabiyning ta’kidlashicha, at-Termiziy Misr va Shomni shaxsan ziyorat qilmagan, shu boisdan ham bu mamlakatlar ulamolaridan bilvosita hadislar rivoyat qilgan. Uzoq yillar davom etgan safarlari chog‘ida at-Termiziy nafaqat hadis ilmidan, balki ilm al-qiroat, al-bayon, fiqh, tarix kabi fanning boshqa sohalari hamda ko‘plab ustozlardan saboq oladi.
Shu bilan bir qatorda at-Termiziy payg‘ambar alayhissalom hadislarini to‘plashga alohida e’tibor bilan qaraydi. Bu borada u har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U o‘zi o‘qigan yoki biror roviydan eshitgan hadisini alohida qog‘ozlarga qayd etib borar, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlab to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilsagina maxsus qog‘ozlarga qayd etardi. Hadislarning to‘g‘riligiga shubha bo‘lganda ularni alohida ajratib yozardi. Shu tariqa hadislar sahiyh (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma’qul), zaiyf (bo‘sh, ishonchsiz), g‘ariyb (g‘alati) kabi xillarga ajratilgan.
Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda imom at-Termiziy o‘z davrining mashhur muhaddislaridan tahsil oldi. Uning ustozlaridan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al-Hajjoj, Abu Dovud, Qutayba ibn Sa’id, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G’iylon, Said ibn Abdurrahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar al-Marvaziy, Ahmad ibn Muniy’, Muhammad ibn al-Musanno, Sufyon ibn Vaqiy’ va qator taniqli muhaddislarni ko‘rsatish mumkin.
Jarqo’rg’on tumani «Hazrati Bilol» jome masjidi imom xatibi H. Saidov