Suyukli payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bir hadisi shariflarida jamoat bilan o‘qilgan namozning savobi yolg‘iz o‘qilgan namozning savobidan yigirma yetti marta ortiq ekanini marhamat qilganlar.

Besh vaqt namozning faqat farzlari, juma namozining ikki rakat farzi, hayit namozlari, Ramazon oyida taroveh va vitr namozlari imomga iqtido qilib o‘qiladi. Imomga ergashib jamoat bilan namoz o‘qiydigan kishi «muqtadiy» deyiladi.

Muqtadiy quyidagilarga amal qilishi kerak:

1. Avvalo, ham o‘qilayotgan namozga, ham imomga ergashishga niyat qilmog‘i lozim. Masalan, «Alloh roziligi uchun bugungi bomdod namozining ikki rakat farzini ushbu imomga ergashib, o‘qishni niyat qildim.

2. Imom iftitoh takbirini aytgach, muqtadiy ham undan keyin darhol takbir aytib, qo‘llarini bog‘laydi va ichida faqat Sano (Subhanaka) duosini o‘qiydi. Imomga ergashib namoz o‘qiyotgan kishi tikka turganida (qiyomda) Fotiha va zam suralarni o‘qimaydi. Ovoz chiqarib o‘qiladigan bomdod, shom, xufton namozlarining farzida, juma namozining farzida, hayit namozlarida, ramazon oyida taroveh va vitr namozlarida imom Fotiha surasini tugatgach, muqtadiy ichida «Amiyn» deydi.

3. Rukuda uch marta «Subhana robbiyal ‘aziym», deydi. Imom «Sami’allohu liman hamidah», deb tik turgach, «Robbana lakal hamd», deydi. Sajdalarda ham muqtadiy uch martadan «Subhana robbiyal a’la»ni aytadi.

4. O‘tirishlarda muqtadiy ichida «Attahiyyat», «Salovot», «Robbana» duolarini o‘qiydi va imom bilan birga salom beradi.

Imomga iqtido qilib jamoat bilan birga namoz o‘qiyotgan kishi barcha amallarda imomdan keyin harakat qiladi, undan oldinga o‘tib ketmaydi.

Jamoatga kechikib kelib qo‘shilgan kishi takbir aytib, imomga ergashadi. Oxirgi o‘tirishda «Attahiyyat»ni o‘qib, imomning salom berishini kutadi. Imom ikki tomonga salom berar-bermas, salom bermay «Allohu akbar» deb tikka turadi va kechikkan rakatlarni o‘zi o‘qib namozni tugatadi.

Biror rakatning rukusiga ulgurgan, ya’ni imom hanuz rukudan bosh ko‘tarmasidan ilgariroq niyat qilib, jamoatga qo‘shilgan kishi o‘sha rakatni o‘qigan hisoblanadi.

Sho’rchi tumani «Tolli ota» jome masjidi imom xatibi X. Rashidov

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here