«Mahr» aqdi nikoh yoki er-xotinlik qilish barobarida ayol haqdor bo’ladigan narsaning ismidir.
Alloh taolo «Niso» surasida quyidagicha marhamat qiladi.
«Ayollarga mahrlarini ko’ngildan chiqarib bering» (4-oyat).

Ushbu oyati karima erga mahr berish vojib ekanini anglatuvchi to’rtta oyati karimadan biridir. Aqdi nikoh bo’lishi bilan mahr berish vojib bo’ladi, agar qovushmay turib ajraladigan bo’lsalar ham.
Berilganda ham, kuyov tomonidan chin qalbdan chiqarib berilishi talab etiladi va mahr kelinning shaxsiy mulki bo’ladi. Bu shar’iy hukm kelinlarni hurmatlash, taqdirlash va erkalashning muhim bir ko’rinishidir.

Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam uylanmoqchi bo’lgan kishiga: …agar bir temir uzuk bo’lsa ham top… » deganlar».
(Beshovlari rivoyat qilganlar).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror nikohni mahrsiz qo’ymaganlari sobitdir.
Musulmonlarning barchasi nikoh mahrsiz bo’lmasligiga ijmo qilganlar.

Mahrni ozi o’n dirhamdir.
O’n dirham bir dinorga teng keladi. Bu nisobga yetgan molning yigirmadan biri deganidir. Ushbu ma’lumotga suyanib, har bir davrdagi mahrning eng oz miqdorini belgilash oson bo’ladi. Buning uchun o’sha davrning zakot nisobi, mazkur miqdorning yigirmadan biri aniqlansa, eng oz mahr miqdori chiqadi.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «O’n dirhamdan oz mahr yo’q» — desilar».
(Dora Quntiy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).

Mahr pul bo’lishi shart emas. Kiyim, taqinchoq yoki shunga o’xshash mulk bo’ladigan va halol narsa bo’lsa joiz.

Oltinsoy tuman «Qorliq» jome masjid imom xatibi Hamidulloh Turdiyev

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here