MUTAASSIBLIK
Islom dini inson hayotining har bir jabhasini o‘zida mujassam etgan, har zamonga mos ezgulikka asoslangan bag‘rikeng, mo‘tadil dindir. Islom faqat diniy ahkomlardan iborat bo‘lgan din emas, balki u jamiyat ma’naviyati va ma’rifatini shakllantiruvchi hamda kamolga yetkazuvchi hamda uning ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-ma’naviy talablarini qondiruvchi dindir. Ammo, islomiy arkonlarning ijrosi barobarida inson diniy ilmsizlik sababli ko‘plab muammolarga duch bo‘lishi tabiy holdir. Mana shu muammolardan biri mutaassiblik va dinda chuqur ketishdir.
Shariatimiz diniy mutaassiblikka va dinga chuqur berilishga doimo qarshi bo‘lgan. Muqaddas dinimizning asl manbalari bo‘lgan Qur’oni karim oyatlari va hadisi sharifda dindagi bu bid’atlar qattiq qoralangan. Chunki, bu ikki illat turli zamonlarda turli nomlar ostida dinimizga tasvirlab berib bo‘lmas darajada zarar yetkazib, bu hol hozirda ham har xil jarangdor nomlar va shiorlar ostida davom etmoqda.
Xo‘sh, diniy mutaassiblik, dinda chuqur ketish nima? Dinimizning mazkur ikki illatga munosabati qanday?
Mutaassiblik – uning lug‘aviy ma’nosi biron e’tiqodga yoki dunyoqarashga o‘ta berilganlik, o‘z fikrida qat’iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o‘zini haq deb bilishlikdir. Hozirgi vaqtda bu “fanatizm” ham deyiladi. Mutassib (fanat) kishi ko‘r-ko‘rona hox to‘g‘ri, hox noto‘g‘ri bo‘lsin o‘ziga ma’qul bo‘lgan bir fikrda mahkam turib, o‘zini fikrini haq, boshqalarning fikrini nohaq deb e’tiqod qilgan holda o‘z fikrini amalda ko‘rsatishga harakat qiladi.
Dinda g‘ulu ketish – “dinda chuqur ketish, diniy arkonlar va ibodatlarni bajarishda haddidan oshish, to‘g‘ri yo‘l deb noto‘g‘ri yo‘lga burilish” ma’nolarini anglatadi.
Oisha onamiz (r.a.)dan rivoyat qilingan quyidagi hadis buning dalilidir: “Bani Asad qabilasiga mansub bir ayol huzurimda o‘tirgan edi. Shu payt Rasululloh (s.a.v.) uyga kirib kelib: “Bu ayol kim”,-deb so‘radilar. “Bu – o‘sha, kechasi uxlamay namoz o‘qib chiqadigan ayol”,-dedim. So‘ng, mazkur ayolning qanaqa namoz o‘qishi haqida so‘zlashdik. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Bunday qilmanglar, solih amallarni qurbingiz yetganicha ado etinglar, qancha ibodat qilsangiz ham Alloh taologa maol kelmaydi-yu, biroq o‘zingizga malol kelib qolmasin!”” –dedilar .
Hadisdan ma’lum bo‘ladiki, har bir insonga dinda chuqur ketib, yoxud mutassibona birorta farz qilinmagan amalni o‘ziga vojib qilib olib, so‘ng bajarolmaydigan holatga tushib qolgandan ko‘ra dinda o‘rtachalik, ya’ni vasatiylik yo‘lini tanlab solih amallarda mudom bo‘lishi avloroq va yaxshiroq ekan. Payg‘ambarimiz s.a.v. mazkur hadislarida dinda chuqur ketishning oqibati yaxshi bo‘lmasligini ma’lum qilib, ibodatga oid amallardan toqat yetadiganini olishga buyurdilar. Islomning asosini tashkil qilgan amallar bandalarning toqatidan kelib chiqqan holda farz qilingan, ya’ni mo‘tadillik va bag‘rikenglikka asoslangan dindir. “Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. (Har kimning) qilgan (yaxshi) amali o‘zi uchundir va (yomon) amali ham o‘zining buynigadir. ….” Mazkur oyatda Alloh taolo insonlarni ibodatdan qurbi yetmaydigan narsaga buyurmaganligini xabar qilmoqda. Hatto shariat hukmlarining umumiy qoidalarini bajarishga toqati – qurbi yetmaydigan kishilar uchun ba’zi amallarning bajarilishida dinimizda istisnolar ham mavjudki, dinda chuqur ketgan, mutaassib kishilar shariatda berilgan bunday yengilliklarni tan olmaydilar va alaloqibat kechirilmaydigan gunohi kabiralardan biri –kibrga, ya’ni o‘z ibodatlari bilan mag‘rurlanish hissiga mubtalo bo‘ladilar.
Islom dinini o‘z qobig‘iga moslashga, yoxud unga “fundamentalizm”, “terrorizm” kabi nojoiz iboralarni yopishtirishga harakat qilayotganlar Islom dining asl mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilayotgan kishilardir. “Kim haq yo‘lni aniq bilganidan keyin payg‘ambarga xilof ish qilsa va mo‘minlarning yo‘llaridan boshqa yo‘lga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qo‘yib beramiz. So‘ngra jahannamga dohil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!” Har qanday nom ostidagi zulm va zo‘ravonlik, jumladan kishining ibodat sababli o‘z jismiga zulm qilishi ham, e’tiqod va ibodatda mutaassibona yo‘lni tanlab dinda chuqur ketish ham, jinoyatlarning har qanday holati va ko‘rinishlari ham, garchi u Islom dini nomidan sodir bo‘layotgan bo‘lsada Islom aqidasi va ta’limotiga mutlaqo qarama-qarshidir.
Musulmon kishi boshqa odamlarni shariatda buyurilmagan ishlarni buyurmaslikka hamda yomon ishlarni qilishdan qaytarishga mas’uldir hamda o‘zi ham jinoyat sanalgan amallarni sodir etishi mumkin emas. Har bir iymon-e’tiqodli insonnning burchi yer yuzida farovonlik va osoyishtalikni qaror toptirib, buzg‘unchilik va fasod ishlarga qarshi kurashmoqdir. Zero, Payg‘ambarimiz s.a.v.: “(Din arkonlarini) yengil qilib ko‘rsatinglar, og‘ir qilib ko‘rsatmanglar. (Dindagi) yaxshi, xushxabar narsalarni aytinglar, dindan nafratlantirib qo‘ymanglar”,- deb marhamat qilganlar. Payg‘ambarimiz s.a.v. dinda, e’tiqodda qay darajada bo‘lish zarurligini ko‘rsatib: “Ishlarning yaxshisi – uning o‘rtachasidir”,-dedilar . Sarvari olam payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. shunday deb turganlarida boshqa yo‘lga ne hojat? Zero Payg‘ambarimiz s.a.v.: “Sizlarning yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark qilmaganlaringiz hamda insonlarga yuk bo‘lmaganlaringizdir”, -degan muborak hadislari bilan musulmon kishini qanday umrguzaronlik qilishini ham belgilab berganlar,
Termiz tuman bosh imom hatibi: Y.Ochilov