Dinimiz ilm va ma’rifat dini. Ilm talab qilishni fazilati haqida ko’plab oyat va hadislar mavjud. Jumladan. Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar.
» Ilm izlash — har bir musulmonga farzdir » (Imom ibn Moja rivoyati) deya marhamat qilganlar.
Yana boshqa bir rivoyatda aytiladiki.
Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) aytadilar: Kasir ibn Qays rivoyat qildilar: «Abu Dardo (r.a.) bilan Damashqdagi masjidda birga o‘tirgan edim. Bir kishi kelib: «Ey Abu Dardo, men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shaharlaridan siz Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan bir hadisni so‘rash uchun keldim», dedi. Abu Dardo: «Tijorat uchun emas, ehtiyoj uchun emas, faqat shu uchun keldingmi?» dedilar. Haligi kishi: «Faqat mana shu ish uchun keldim», dedi. «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan eshitdimki, «Kim ilm talab qilinadigan yo‘lni tutsa, Alloh taolo unga jannat yo‘llaridan bir yo‘lni yengil qilib qo‘yadi va Allohning maloikalari tolibi ilm uchun qanotlarini uning qilayotgan ishidan rozi bo‘lib qo‘yadilar, olim uchun osmon va yerdagi hamma narsalar, suvdagi baliqlargacha istig‘for so‘raydilar. Olimning obiddan afzalligi badr (to‘lin oy) kechasidagi oyning boshqa yulduzlardan afzalligi kabidir. Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor-dirham meros qoldirmadilar. Ilm-ni meros qoldirdilar. Kim uni olsa, katta nasiba olibdi», deganlar u zot sollallohu alayhi vasallam».
Yuqorida zikr qilingan hadisdan ham ma’lum bo’ladiki ilm Payg’ambarlar me’rosidir. Endi kim bu merosga ega chiqmoqchi bo’lsa, ilm talab qilishligi va bu yo’lda say-harakat qilishligi lozim bo’ladi.
Yana boshqa bir hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi:
Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim do‘zaxdan ozod qilinganlarga qarashni yaxshi ko‘rsa, ilm oluvchilarga qarasin.
Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, qaysi bir ta’lim oluvchi olimning eshigiga kelsa, Alloh taolo uning har bir qadamiga bir yillik ibodatni yozadi va har bir qadamiga jannatda bir bino barpo qilinadi. Yerda yursa, unga istig‘for so‘rashadi. Kechasi va kunduzda gunohlari kechirilgan holda bo‘ladi. Unga maloikalar guvohlik beradilar va: «Ana ular Allohning do‘zaxdan ozod qilgan bandalaridir», deb aytadilar».
Ilm talab qilish mana shunday ulug’ darajalarga bandani olib chiqadi azizlar.
Dindagi ulamolarimiz har qanday holatda ilm talab qilganlar hattoki o’lim to’shagida bo’lsalar ham.
Ibn Muborakdan (rahmatullohi alayh) hikoya qilinadi. U kishiga o‘lim yaqinlashgan edi. Oldilarida bir odam yozib o‘tirardi. U zotga: «Shu holatda ilm yozyapsiz?» deyishdi. Aytdilar: «Ehtimol, hozirgacha bilmaganim bir kalima menga foyda berib qolar». deya marhamat qilganlar.
Alloh taolo yurtimizni tinchligi va farovonligini, va xalqimizning ilm va ma’rifatini bundanda ziyoda aylasin! Amin!
Oltinsoy tuman «Qorliq» jome’ masjid imom xatibi H. Turdiyev