Avtobusga chiqdim. Odam ko‘p. Tik oyoqda munkillab turgan cholga ko‘zim tushdi. Joy beradigan yoshroq odam yo‘qmikan, deb atrofga ko‘z yugurtirdim. Qarasam, o‘sha cholning yonidagi o‘rindiqda to‘qqiz-o‘n yoshlardagi bola kitob xaltasini quchoqlagancha ko‘chani tomosha qilib ketyapti. Yonida kimlar turganiga parvo ham qilmaydi. U-ku yosh bola, lekin atrofidagilar ham, tur, o‘zingdan kattaga joy ber, deb bir og‘iz aytishga erinishardi chog‘i, jim. «Ha, ularning parvoyiga kelib turgan joyi yo‘q», deb o‘yladim. Boshqa bir o‘y ham hayolimdan o‘tdi: «Nahotki ota-onalar, tarbiyachilar bolaga ko‘chada, avtobusda o‘zini qanday tutish lozimligini o‘rgatishmasa».
Yo‘q, o‘rgatishgan ekan. Nima deb o‘rgatishganini avtobusdan tushgandan keyin bolakayning o‘zidan so‘rab bildim. Avval tanishgan bo‘ldik, ismini so‘radim, o‘qishlaridan surishtirdim. Bir oz o‘tib, o‘sha savolni berdim:
— Nega boya avtobusda oldingda turgan qari amakiga joy bermading? Yoki ko‘rmadingmi?
— Yo‘-o‘, ko‘rdim, lekin oyimlar, bo‘sh joyga o‘tirib olgin-da, hech kimga o‘rningni berma, deb tayinlaganlar, — dedi bola g‘oyat soddalik bilan.
— Qari kishilar chiqib qolsa ham, joy bergin, demaganmilar?
— Yo‘q, hecham unday deb aytmaganlar.
Bolada zarracha ayb yo‘qligini bildim. U shu holatida ham juda beg‘ubor edi. Ammo bu beg‘uborlik bir kun kelib xudbinlikka aylanishi mumkinligi kishining diliga og‘ir botadi.
Yoshlarimizning bugungi tarbiyasidan yana bir misol.
Ishga kelayotib «Otoyol»ga chiqdim. Bir bolakay chipta tarqatib yuribdi. Hali hayotning ma’nosini anglamagan jajji «chiptachi»ning kattalarga kattalarcha muomala qilishi, avtobusga chiqqanlardan pulini to‘lab qo‘yishlarini talab etishi, bolaligiga yarashmagan «burro»ligi odamni o‘ziga qaratadi. To‘g‘ri, unga hech qaysimiz dakki bermadik. Chunki biz bunaqa muomalalarni ko‘raverib ko‘nikib ketganmiz, shekilli.
Keyingi bekatdan chiptachiga tanish bir bolakay chiqdi.
— Nega maktabga bormay qo‘yding? — deb so‘radi u. Bola:
— Mana, maktab, — deb qo‘lidagi pullarni ko‘rsatdi chiptachi.
— Ustoz seni so‘rayotuvdi…
— E-e, adamlar, o‘qib nima qilasan, menga yordamlash, devottilar, — deya u haydovchi tomon ishora qildi. Keyin hayotdan anglagan falsafasini aytdi: — O‘qib olim bo‘larmidim?! Zamon o‘qiganniki emas, puli ko‘pniki, do‘stim…
«Ilm puldan afzal ekani-ni shu bolakayga tushuntirib bo‘larmikan?» degan uy keldi hayolimga. Ha, hali kech emas. Tushuntirsa, tushunadi. Ammo tushuntiradigan odamning o‘zi bormikan?
Ko‘pincha kattalar og‘zidan yoshlardan shikoyat eshitib qolamiz. Ular bolaliklarida qanday bo‘lganlarini aytishib, hozirgi yoshlarda odob, sharm-hayo, kattalarga hurmat yo‘qligidan nolishadi. Lekin yuqoridagi ikki misoldan ayb faqat yosh avlodda emasligi, bunda kattalarning ham ajabtovur hissasi borligi ko‘rinib qoldi. El og‘zida: «Har kim ekkanini o‘radi», degan maqol ko‘p yuradi. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bolalarimizga nisbatan o‘ta mehribonlik, oshiqcha suyish, qiliqlarining yaxshi-yomonligiga e’tibor bermasdan erkalataverish (o‘g‘lim so‘kishni o‘rganibdi, deb maqtanadigan ota-onalar bor hatto), yoki bo‘lmasa, aksincha, bolaga nisbatan qo‘pol muomala qilish, kaltak bilan tarbiyalash, uning qiziqishlariga beparvo qarash va hokazo illatlar yoshlarning yomon xulq kasb etishlariga sabab bo‘lmoqda.
Demak, gapning kattasi kattalarning o‘zida, shekilli.

Denov tuman Shayx Attor Valiy  jome masjidi imom xatibi    S.Mirzayev

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here