Har bir musulmonning boshqa musulmonlarda bir qancha haqlari bordir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmonning musulmondagi haqqi oltitadir», — dedilar.
«Ular, qaysilar, yo Rosululloh?» — deyildi.
«Qachon uchratsangiz, unga salom ber, qachon seni da’vat qilsa, unga javob ber, qachon sendan nasihat so’rasa, unga nasihat qil, qachon aksa ursa va Allohga hamd aytsa, unga yaxshilik tila, qachon bemor bo’lsa, uni borib ko’r va qachon vafot etsa, hozir bo’l», dedilar.
(Beshovlari rivoyat qilishgan.)
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida ummatlariga bir-birlaridagi haqlarni o’rgatmoqdalar.
Musulmonlarning bir-birlaridagi haqlari bir qancha bo’lib ulardan ba’zilarini o’rganishga harakat qildik. Ammo bundan tashqari haqlar ham mavjud. Quyida bularning ayrimlari bilan tanishin o’tamiz.
Biror musulmonning huzuriga uning iznisiz kirmaslik;
Katta yoshlilarni ulug’lash, ulamolarni hurmat qilish va bolalarga rahmli bo’lish;
Omonatga xiyonat qilmaslik;
Qarzini vaqtida berish;
Musulmon birodarining joni, moli va obro’siga yetadigan zulmni daf qilish va unga bu ishda yordam berish;
Barcha musulmonlarning aybini berkitish;
Bergan va’dasiga vafo qilish;
Qo’shnichilik haqlariga rioya etish;
Har bir musulmonga nisbatan tavozeli bo’lish, ulardan birortasiga mutakabbirlik qilmaslik;
Boshqa musulmonlarga nohaq tuxmat qilishdan va o’zi haqida ham boshqalarni yomon gumonga borishidan saqlash.
Alloh taolo barchamizga haq huquqlarimizni to’la-to’kis ado qilish baxtini nasib aylab, o’zaro hamjihat bo’lib yashashni muyassar qilsin. Amin!
Oltinsoy tuman «Qorliq» jome’ masjid imom xatibi H.Turdiyev