At-Termiziyning ijodiy faoliyatida yaratilgan asarlari ichida «al-Jomi’ as-sahiyh» («Ishonchli to‘plam») eng asosiy o‘rinni egallaydi. Ushbu asar yuqorida qayd qilganimizdek, «al-Jomi’ al-kabiyr», («Katta to‘plam»), «Sahiyh at-Termiziy», «Sunan at-Termiziy» («Termiziy sunnatlari») kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi Ibn Xajar al-Asqaloniyning yozishicha, at-Termiziy ushbu asarini 270 hijriy (884 melodiy) yilda, ya’ni qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan.

Ushbu asar qo‘lyozmalari dunyoning bir qancha shaharlarida, shuningdek, o‘zimizda, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda. Muhim manba sifatida «Al-Jomi’ as-sahiyh» bir necha marta nashr qilingan. Bunga dalil sifatida 1283 (1866) yili Mitohda, 1292 (1875) yili Qohirada, shuningdek, 1980 yili Bayrutda nashr etilganligini ko‘rsatish kifoya. At-Termiziyning bu muhim asariga bir qator sharhlar ham yozilgan bo‘lib, ulardan ibn al-Arabiy (vafoti 543 hijriy, 1148 melodiy yili) nomi bilan mashhur bo‘lgan imom hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulla al-Ashbiliyning «Oridat al-Ahvaziy ala kitob at-Termiziy» nomli 13 juz’ (qism)dan iborat sharhlarini keltirish mumkin. Ushbu sharh dastlab 1931 yidda Qohirada nashr qilingan. Imom Hofiz Abu Ali Muhammad Abdurrahmon ibn Abdurahim al-Muborakfuriy (1283-1353) qalamiga mansub yana bir sharh ham «Tuhfat ul-Ahvaziy bisharhi at-Termiziy» deb ataladi. To‘rt juz’dan iborat bo‘lgan bu asar 1979 yilda Bayrutda nashr qilingan (Hindiston nashri ham mavjud). Misrlik olim va adib Jamoliddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr as-Suyutiyning (1445-1505) at-Termiziy asariga yozgan sharhi «Qut al-mug‘taziy ala Jomi’ at-Termiziy» (undan ikki qismi nashr qilingan), deb atalgan.

Bulardan tashqari Muhammad ibn Abduqodir Abu at-Tayyib al-Madaniyning «Sharh Sunan at-Termiziy», Ahmad Muhammad Shokirning «Tahqiyq va sharh Jomi’ at-Termiziy» (o‘ndan ikki qismi 1937 yidda Mustafa al-Bobiy al-Halabiy tomonidan nashr qilingan), Muhammad Yusuf al-Bannuriyning «Maorif sunan sharh sunan at-Termiziy» (uning birinchi qismi 1963 yilda Pokistonda nashr kilingan), Siroj Ahmad as-Sarhandiyning «Sharh sunan at-Termiziy» nomli forscha sharhi, shuningdek Rashib Ahmad al-Kanuhiyning «Al-kavkab ad-durriy ala at-Termiziy» (Hindistonda chop etilgan), Muhammad Anvarshoh al-Kashmiriyning ikki juz’dan iborat «Al-Urf ash-shaziy ala Jomi’ at-Termiziy» (bu asar ham Hindistonda chop etilgan) va nihoyat Abul-Hasan Muhammad ibn Abdulhodiy as-Sanadiyning (u 1138 yilda vafot etgan) «Hoshiya ala sunan at-Termiziy» kabi sharhlarini ko‘rsatish mumkin.

Avval eslatib o‘tganimizdek, hijriy uchinchi asr (melodiy to‘qkizinchi asr) hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblanadi. Dastlab bu davrda yashab ijod qilgan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim kabi allomalarning sermahsul faoliyati katta ahamiyat kasb etadi.

O’z ustozlari Imom al-Buxoriy, Imom Muslim asos solgan xayrli ishni Imom at-Termiziy chuqur mas’uliyat va katta idrok bilan davom ettirdi. Hadisshunoslikning ilmiy asosda rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shib, musulmon dunyosidagi eng nufuzli muhaddislardan biri darajasiga ko‘tarildi. Abu Iso at-Termiziyning shoh asari bo‘lmish «Al-Jomi’ as-sahiyh» olim mashaqqatli mehnatining mahsuli sifatida hadis ilmida katta ahamiyatga ega. Eng avvalo shuni aytish kerakki, muallif o‘z asarini alohida-alohida boblarga bo‘ladi, imkoni boricha har bir hadis roviylarini keltiradi. Har bir hadisdan keyin uning ishonchli yoki ishonchsizlik darajasini aniqlab alohida ko‘rsatadi. Oldinroq biz asarini «As-sunan» («Sunnatlar») nomi bilan («Sunan at-Termiziy») atalishini ham eslatib o‘tgandik. Bu nom bilan atalishiga asosiy sabablardan biri — unda fiqh masalasiga doir ahkom hadislar juda ko‘p keltirilgan. Shular bilan bir qatorda asarda pand-nasihat, axloq-odob, go‘zal xulqu fazilatlar xususida ham juda ko‘p hadisi shariflar keltirilganki, bu darajadagi hadislar hech bir muallif asarida uchramaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tarkibiy jihatdan asar quyidagi boblarga bo‘linadi. Undan tahorat, salot (namoz), zakot, ro‘za, haj, janoza, nikoh, emizish, taloq, savdo-sotiq, qozilik ahkomlari, tovon to‘lash, me’yor, sayd, qurbonlik, nazr-nuzur, iymon, siyratlar, jihod, kiyim-kechak (libos), taomlar, ichimliklar (al-ashriba), xayr-ehson va saxovat, tabobat, farzlar, vasiyatnomalar, xayrixohlik va taqdir, xuruju fitnalar, bashoratlar, shahodatlar, zohidlar, jannat va jahannam sifatlari, ilm, izn so‘rash, odob va axloq, masallar, Qur’on fazilatlari, qiroat, tafsir, duolar, manoqiblar (fazilatlar), illatlar haqidagi boblar keltirilgan.

Mana shu boblar asarda sarlavha tarzida bo‘lingan bo‘lib, bobga doir hadislar bo‘lim mazmunini to‘la-to‘kis ifodalaydi. Ushbu bobga doir masala bo‘yicha muallif bir qancha hadislarni keltiradi, so‘ng bu masala yuzasidan boshqa ulamoyu faqihlarning fikrlarini ham batartib bayon etadi. Undan keyin rivoyat qilingan hadisning sahiyh, hasan, zaif yoki g‘aribligi darajasiga o‘z munosabatini bildiradi. Shundan so‘ng hadis roviylari, sanadlari va sanadning o‘z ichiga olgan illatlari xususida o‘z fikrini bildiradi.

Yuqorida aytilgan fikrimizga misol tariqasida Abu Iso at-Termiziyning «Al-Jomi’ as-sahiyh» asarida «Tahorat» bobida «Safardagi va bir joyda muqim turgan kishi mahsisiga mash tortishi» haqida keltirilgan bir hadis xususida mufassal to‘xtalamiz.

«Bizlarga Qutayba so‘zlab berdi, unga Abu Uvona rivoyat qilgan, u Sa’yid ibn Masruqdan, u Ibrohim at-Tayamiydan, u Amir ibn Maymundan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan, u payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qiladilar. Rasuli akramdan mahsiga mash tortish haqida savol bilan murojaat qilganlarida, payg‘ambar alayhissalom: «Safardagi kishi uchun uch kecha-kunduz, bir joyda muqim kishi esa bir kecha-kunduz o‘z mahsisiga mash tortadi», deb javob qilganlar. Yahyo ibn Mu’iyn mash haqidagi Xuzaymadan rivoyat qilgan ushbu hadisni sahiyh (ishonchli) deydilar. Yuqorida zikri o‘tgan Abu Abdulloh al-Jadaliyning ismi esa Abu ibn Abd bo‘lib, ba’zan uni Abdurahmon ibn Abad ham deb atashar edi.

Jarqo’rg’on tumani «Hazrati Bilol» jome masjidi imom xatibi H. Saidov

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here