Yopiq eshik doim sirlidir. Qiziquvchan inson ongi toʼsiq ortida qanday xazina borligini oʼzicha tahmin qilaveradi. Haqiqatdan ham, Kaʼbai muazzamaning tilla eshiklari ortida nimalar borligi koʼpchilikni qiziqtiradi. Bir necha yuz yil muqaddam bu savolga hojat boʼlmagan, chunki uning ichiga xohlagan inson kirishi mumkin edi. Hozir odamlar Kaʼbaning ichiga kirishni qoʼya turing, tiqilinchda qora toshga qoʼllari tegsa katta gap. Kaʼba ichini tozalash marosimi Paygʼambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) dan sunnatligi bois, shunda faqat davlat arboblari yoki yuqori martabali mehmonlargina bunday sharafga sazovor boʼladilar. Аxir, har kuni eshik ochilaversa, minglab ziyoratchilar undagi tinchlik, osoyishtalik va sokinlikka aziyat yetkazishlari tabiiy.
Xoʼsh, ayni paytda ichkarida nimalar bor?
Eshikdan boshlaylik. Eshikni bezashga ishlatilgan tillaning miqdori uning – “oltin eshik” deb nomlanishiga va unga “dunyodagi eng qimmatbaho eshik” maqomi berilishiga haqli, lekin eng asosiysi u borliqdagi eng moʼʼtabar dargohga yetaklovchi yoʼldir. 1979 yili Kaʼbaga yangi eshiklar oʼrnatilgan va uni tayyorlash uchun 300 kilogramm sof oltin ketgan. Eshikka eshikni yasagan ustaning imzosi qoʼyilgan va atrofiga Qurʼoni karimning quyidagi oyati karimasi oʼyib yozilgan:

إِنَّ أَوَّلَ بَيْتٍ وُضِعَ لِلنَّاسِ لَلَّذِي بِبَكَّةَ مُبَارَكًا وَهُدًى لِلْعَالَمِينَ

Аlbatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy – Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) boʼlmish (Kaʼba)dir (Oli Imron, 96).

Yeri va devorlariga mramor plitalari yotqazilgan. Ushbu mramorlardan biri boshqalaridan rangi va tuzilishi bilan ajralib turadi. Makkai mukarrama musulmonlar tarafidan egallangandan soʼng Paygʼambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) aynan ana shu yerda namoz oʼqiganlar. Shuning uchun shu joyda qilingan ibodat savobi ulugʼ hisoblanadi.
Devorlarda bir xil oraliqda Аlloh uyini saqlash uchun qaygʼurgan buyuk shaxslarning ismlari va Kaʼbatullohda qilingan ishlarni yorituvchi matn va bezaklar osib qoʼyilgan. Bu kabi devoriy lavhlar hammasi boʼlib oʼn dona, ularning soʼnggisi 1996 yilda qilingan taʼmirlash ishlari va unda bosh-qosh boʼlgan shaxs haqida yozilgan.
Kaʼba tomi dumaloq ishlov berilgan yogʼochli uchta ustunda turadi. Ularning har biri uch farishta ismlari bilan nomlanadi. Аslida ustunlar faqat dekorativ shiftni ushlab turadi, haqiqiy tom undan 120 santimetr balandroqda. U “tik” yogʼochidan puxta ishlangan va zamonaviy gidroizolyatsiya bilan qoplangandir.
Ustunlar orasida yogʼochli arqon tortilgan boʼlib, unda koʼpgina qadimiy chiroqlar va duolar solingan turli idishlar turadi.
Devorlarning eshik boʼyidan baland qismi va shiftga ipak mato qoplangan. Ichkarida yana bir eshik borki, uning ortidagi zina orqali tomga chiqiladi. Bu eshikka ham oz-muncha oltin ishlatilmagan.
Kaʼbaga kiraverishda koʼzga tashlanadigan ikki ustun oraligʼida oʼrtacha kattalikdagi stol bor. Uning nima uchun moʼljallangani nomaʼlum. Bundan tashqari, mazkur stolning tortmasi (quti) ham bor, hozir unga duolar yozilgan yozuvlar qoʼyilsa kerak. Oldin unda Kaʼbapoʼsh va chiroqlar saqlangan.
Ha, toʼrt tomoning qibla, deganlari ana shu yer. Ichkarida na xazina, na sirli bilimlar olami, na boshqa olamga yetaklovchi yoʼl yoki gʼayri-tabiiy hech narsa yoʼq.
Kaʼbatulloh ichini boʼshliq egallagan. Bu boʼshliqqa kirgan inson fikrini jamlab ibodat qilishi va Аlloh taolo bilan erkin muloqot qilishga hech narsa toʼsiq boʼla olmaydi.

O’zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili A. Sayfidinov

Ka’batullohning ichida nimalar bor?
Kâbe’nin içi görüntülendi

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here