Alloh taolo insonni mukarram qilib yaratib, unga son sanoqsiz ne’matlar va tuganmas yaxshiliklarni ato qildi. Bu ne’mat va yaxshiliklari bilan insonni boshqa yaratilganlardan afzal qildi. Shukr qilgan banda savob oladi. Agar inson shukr qilishda bardavom bo’lsa, Alloh taolo unga beradigan ne’metlarini yanada ziyoda qiladi. Kufrona ne’mat qilgan banda esa, gunohkor bo’ladi va Alloh taolo unga beradigan ne’matlarini uzib qo’yadi. Bandasining shukr qilishiga Alloh taoloning ehtiyoji yo’q, u karamli zotdir. U ne’matlarini O’z karami ila beradi, shukr uchun emas.
Bu haqda Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi: Va Robbingiz (sizga): «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir», deb bildirgan(ini) eslang»》 ( Ibrohim surasi 7-oyat).
Shukr ne’mat beruvchi Zotga maqtov so’zlarni aytish va ul ne’matni Allohning roziligi yo’lida sarflashdan iboratdir. Berilgan ne’matga shukr etish insonning to’g’ri yo’lda — mustaqiym ekanini ko’rsatadi. Shukr qiluvchi inson Alloh taolo o’zini doimo kuzatib turishini his etadi va ne’mat etganda zohir bo’ladigan manmanlik, isrof va shunga o’xshash salbiy holatlardan xoliy bo’ladi. Natijada, o’ziga berilgan ne’matlardan foydalanib, yaxshi amallarni ko’paytiradi. Mug’iyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.»Rosululloh sollallohu alayhi vasallam namozda turaverib hattoki qadamlari yoki boldirlari shishib ketardi. Keyin u zotga (bu haqda) aytilardi. Bas u zot: » Shukr qiluvchi banda bo’lmaymanmi?» — derdilar».

Kamtarlikni qarang! Shukr qilishga bo’lgan intilishni qarang! Insoniyatning ulug’i bo’lmish, Alloh taoloning eng sevikli Nabiyi bo’lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallam ma’sum-gunoh qilmaydigan zot edilar. Buning ustiga Alloh taolo u zotning oldingiyu keyingi gunohlarini-farazan bo’lsa-mag’firat qilganini e’lon ham qilgan edi. Dunyoda tahajjud namoziga ehtiyoji yo’q bitta odam bo’lsa, o’sha odam Muhammad sollallohu alayhi vasallam edilar. Lekin, shunday bo’lsa ham, tahajjudni ko’p o’qiganlaridan oyoqlari shishib ketibdi. Bu holga yetishdan maqsad bitta-shukr qiluvchi banda bo’lish. Alloh taolo barchalarimizni shukr qilguvchi bandalaridan qilsin. Amin!

Oltinsoy tuman «Qorliq» jome’ masjid imom xatibi Hamidulloh Turdiyev

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here