Har yili robi’ul-avval oyida dunyo musulmonlari qatori mamlakatimizda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz ham muhim bir sanani keng nishonlaydilar. U ham bo’lsa «Mavlidun Nabiy» ya’ni Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomning tug’ilgan sanalarini sharaflash, bayram qilish oyidir. Bu oyda barchalarimiz olamlar sarvari, butun insoniyatga oxirzamon payg’ambari etib yuborilgan suyukli Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlarini, hayotlarini yanada kengroq o’rganish, har ishda, har kunimizda, har bir amalimizda u zotga ergashish, sunnatlariga muvofiq hayot kechirishni bir-birimizga yanada ko’proq targ’ib qilishimiz kerak bo’ladi.
Hofiz Suyutiydan Robi’ul avval oyida mavlidun-nabiy qilish haqida, uning shar’iy hukmi, bu ish yaxshimi, yomonmi, qilgan odamga savob bo’lishi yoki bo’lmasligi haqida so’raldi.
U kishi quyudagi javobni berdi.
«Mening javobim shuki, aslida, odamlarning jamlanib, muyassar bo’lganicha Qur’on tilovat qilishlari, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning risolatlari avvalida ro’y bergan habarlarni, u zotning tug’ilishlarida sodir bo’lgan mo»jizalarni rivoyat qilishlari, agar oxirida ularga yegulik narsa ulashilib, bunga boshqa narsalar ziyoda qilinmay tarqalib ketadigan bo’lsalar, bid’ati hasanadir.
Uni qilgan odamga Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ulug’lagani, u zotning mavludlari munosabati ila xursandchilik izhor qilgani uchun savob beriladi» deya javob berganlar.
Mavlud bid’ati hasanadir.
Mavludda quyudagi ishlarni qilishga ruxsat beriladi:
Qur’on tilovati.
Iloji bo’lsa, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida oyatlarni o’qib, har qavm o’z tilida tafsir qilsa, juda ham yaxshi bo’ladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning risolatlari avvalida bo’lgan xabarlarni rivoyat qilish.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning tug’ilish davrlaridagi jamiyatning jaholat holatini, u zotning xayr va baraka bo’lib tug’ilganlarini ifodalovchi sahih rivoyatlarni o’qib, tarjima va sharx qilib berilsa, xalq ommasi kerakli ma’lumotni olgan bo’ladi.
Eng asosiysi Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning olamlarga rahmat qilib yuborilganlari, u zotning risolatni yetkazish yo’lida chekkan zahmatlari, ummat uchun jon fido qilib qayg’urishlari haqida ma’lumot berilsa, maqsadga muvofiq bo’ladi.
U zotning tug’ilishlarida sodir bo’lgan mo»jizalarni rivoyat qilish.
Bunda asossiz, mubolag’ali va to’qima habarlardan ehtiyot bo’lish lozim. Ba’zi kitoblarda ana shunday narsalar aralashib qolganini unutmaslik kerak. Hadis va ishonchli siyrat kitoblarida kelgan xabarlarning o’zi yetarli.
Oxirida yegulik narsa ulashish.
Bunda ham haddan oshmaslik, isrof va noshar’iy narsalarga yo’l qo’ymaslik lozim.
Boshqa narsalarni ziyoda qilmay tarqalib ketish.
Ya’ni yuqorida zikr etilgan narsalardan ortiqcha ish qilmaslik kerak.
Mavlud qilgan kishiga savob berilishi.
Mavlud qilgan odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ulug’lagani, u zotning mavludlari munosabati ila xursandchilik izhor qilgani uchun savob beriladi.
Aziz vatandoshlar barchalarimizga Mavlidun-nabiy muborak bo’lsin.
Alloh taolo barchalarimizning qalbimizga Rosulining muhabbatini jo qilsin. Qiyomatda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning «hamd» bayroqlari ostida turish va U zotning muborak shafoatlariga erishish hamda jannatda Rosuliga qo’shni bo’lish baxtini nasib etsin. Amin!
Oltinsoy tuman «Qorliq» jome masjid imom xatibi Hamidulloh Turdiyev