Alloh taolo ruxsat etgan narsalar shariatda «halol» deyiladi. Mo’min-musulmonlarga halol rizq topish, halol kasb bilan ro’zg’or tebratish, halol taom-ichimliklarni istemol qilish buyurilgan. Shariatimizda ijozat etilgan hamma narsa, yeyiladigan taomlar yoki qilinadigan ishlar halol sanaladi. Alloh taolo halol qilgan narsalar inson uchun moddiy va ma’naviy foydalardan holi emas.
Alloh taolo man qilgan narsalar va ishlar shariatda harom hisoblanadi. Harom ishga o’tish yoki harom taom yeyish og’ir gunoh sanaladi (Biroq, ba’zan zarurat tufayli harom narsalar muboh qilinadi, masalan, ochdan o’layotgan odam jonini saqlab qoladigan miqdorda harom istemol qilishi, dushmanga nisbatan yolg’on ishlatish mumkinligi kabi ). Harom ish va narsalar sanoqlidir. Quyuda ulardan ayrimlarini keltiramiz:
To’ng’iz, vahshiy hayvonlar, harom o’lgan (o’zi o’lib qolgan) halol hayvonlarning go’shtlari, so’yganda chiqqan qon, «Bismillah»siz so’yilgan halol hayvonlarning go’shti, dinsizlar ( majusiylar ) so’ygan hayvon go’shti, mast qiluvchi ichimlik va giyohlarning barcha turlari, erkaklarga ipak va tilla ishlatish, tilla kumush idishda ovqat yeyish, zinokorlik, sudxo’rlik, o’g’rilik, qaroqchilik, g’iybat, tuxmat, bo’xton, yolg’onchilik kabi narsalar musulmonlarga harom qilinadi.
No’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar». Albatta, halol ochiq-oydindir. Albatta, harom ochiq-oydindir. Va ikkovlari orasida shubhali narsalar bordir. U (shubhali ) narsalarni odamlarning ko’plari bilmaslar. Bas, kim shubhalardan saqlansa, dini va obro’si uchun poklangan bo’ladi. Kim shubhalarga tushsa, haromga tushadi. Bu huddi qo’riqxona atrofida ( hayvon ) boqqan cho’ponga o’xshaydi. Undan o’tlab qo’yishi turgan gap. Ogoh bo’linglar! Albatta, har bir podshohning o’z qo’riqxonasi bordir. Ogoh bo’linglar! Albatta, Allohning qo’riqxonasi Uning harom qilganlaridir. Ogoh bo’linglar! Albatta, jasadda bir parcha go’sht bordir. Qachon u solih bo’lsa, jasadning hammasi solih bo’lur. Qachon u buzuq bo’lsa, jasadning hammasi buzuq bo’lur.
Ogoh bo’linglar! O’sha qalbdir «.
(Beshovlari rivoyat qilishgan).
Ushbu hadisi sharif eng ulug’ hadislardan hisoblanadi.Ulamolarimiz: Bu hadis Islomga mador bo’lgan uchta hadisning biridir shuning uchun bu hadisni Islomning uchdan biri desak bo’ladi deganlar.Bu hadisi sharifning ulug’ligi shundaki, unda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yeyish, ichish, kiyish, nikoh va boshqa hamma sohalardagi narsalarning halol bo’lishi qoidasini bayon qilib berganlar. Hadisi sharifning so’ngida esa bu jabhada eng muhim masala qalb masalasi ekanini, qalb halol haromda solih bo’lishi lozimligini tushintiradilar.
Oltinsoy tuman «Qorliq» jome masjid imom xatibi Hamidulloh Turdiyev