Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir ( aroq ) . Har bir mast qiluvchi haromdir. Dunyoda kim sharob ichib, shunga berilgan holda vafot etsa, oxiratda uni ichmaydi».

Arab tilida «sharob» deyilganida halol yoki harom qilingan har qanday ichimlik tushiniladi. Bizda «sharob» so’zi faqat harom qilingan ichimlikka ishlatilib, «ichimlik» so‘zi esa umumiy ma‘noda qo‘llanadi.  Islom kelishidan oldin arablar ko‘p sharob ichishgan. Shuning uchun ularda ham har turdagi sharobga turlicha nomlar qo‘yilgan.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam har bir mast qiluvchi narsani «xamr» deb ataganlar. Bu so‘zning ma‘nosi «yopmoq, bekitmoq, yashirmoqdir». Mast qiluvchi  narsalarga nisbatan bu so‘zning ishlatilishiga sabab, mastlik insonning aqlini bekitib, esini olib qo‘yishidir.

Islom dini e‘tiqodida oxiratda jannatda ham sharob ichilishi aytiladi. Biroq undagi sharob insonning aqlini olib qo‘ymas ekan.

Hadisdagi «… oxiratda uni ichmaydi» iborasi — mast qiluvchi narsalarga mukkasidan ketgan, sarxushlikni xush ko‘radigan kimsani, Alloh kechirmasa, jannatga kirmasligini anglatadi.

Shuning uchun iboraning ma‘nosi «U jannatga boradi-yu, jannatdagi sharobdan ichish ne‘matidan bebahra bo‘ladi» degani emas. Balki «Unga jannatga kirish nasib etmaydi» deganidir. Chunki jannatga borgan inson uning barcha ne‘matlaridan bahramand bo‘ladi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uch kimsa borki, Alloh azza va jalla qiyomat kuni ularga (rahmat nazari ila) qaramaydi: ota-onasiga oqq bo’lgan kimsaga, erkakshoda ayolga, dayusga. Va uch kishi jannatga kirmaydi: ota-onasiga oqq bo’lgan kimsa, aroq ichishga mukkasidan ketgan kimsa, berganini minnat qiluvchi kimsa» dedilar. Imom Ahmad va Nasoiy rivoyat qilishgan.

Imom Ahmadning rivoyatlarida bunday kelgan: «Uch kishi borki, Alloh taolo ularga jannatni harom qilgan: aroqqa mukkasidan ketgan, oqq bo’lgan, ahlida iflos ish (zino) sodir bo’lishiga rozi bo’lgan kimsa».

 

Oltinsoy tuman «Qorliq» jome masjid imom xatibi  Hamidulloh Turdiyev

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here