Bu ulug’vor ish har doim bashariyatning muhim ishlaridan sanalib, jamiyatdagi oqil kishilar bunga hamisha e’tibor nazari bilan qarab kelganlar.
Amri ma’ruf — nafsni yaxshilikka, yaxshi niyatlarga undashdir. Nahyi munkar — nafsni yomonlikdan, yomon xohishlardan qaytarish demakdir. Zero, inson o’z holiga tashlab qo’yiladigan jonzot emas. Yaxshilikka undash, yomonlikdan qaytarish inson uchun zaruriy hayot omillaridan hisoblanadi.

Amri ma’ruf va nahyi munkar mo’minlar uchun shariat talabidir. Bu xususda juda ko’p oyat, hadislar, ulug’larimizning so’zlari vorid bo’lgan.
Alloh taolo bu ishni mo’minlarning maqtalgan sifatlari qatorida zikr qiladi:

«Ular — tavba qiluvchilar, ibodat qiluvchilar, hamd aytuvchilar, ro’za tutuvchilar, ruku qiluvchilar, sajda qiluvchilar, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar, Allohning chegarasida turuvchilardir. Mo’minlarga xushxabar ber!» (Tavba surasi 112-oyat).

Mazkur oyat tafsirida Ibn Kasir shunday deydilar: «Alloh taolo mazkur go’zal odob, nafis sifatlar bilan bezangan mo’minlarning jonlari va mollarini jannat evaziga ulardan «sotib oladi». Ruku va sajda qiluvchilar, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar o’zlari Allohning ibodatida bardavom bo’lib, boshqalarni ham toatga undaydilar, ma’siyatdan qaytaradilar. O’z navbatida qilayotgan ishlarining fiqhini ham mukammal tushunadilar. Halol va haromning chegaralarini puxta biladilar, ilmlariga amal qiladilar. Ular Haqning ibodatida, xalqning mafaatidadirlar.
Mo’minlik vasfi yuqorida zikr qilingan barcha narsalarni o’z ichiga oladi. Haqiqiy saodatmandlik ushbu sifatlar bilan oroyish topib, nafsni komillik sari yetaklashda, boshqalarning ham komolotiga sabab bo’lishda ko’rinadi «.

Amri ma’ruf va nahyi munkar najot istaganlar uchun zarur ishdir.
Yomonlikdan qaytaruvchilar dunyoning uqubatidan, oxiratning azobidan najot topadilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
«Ulardan bir jamoat: » Alloh halok qiladigan yoki shiddatli azob bilan azoblaydigan qavmga va’z qilib nima qilasiz?» deganida, ular: «Robbingizga uzr bo’lishi uchun, shoyadki taqvo qilsalar deb», dedilar». Ular o’zlariga eslatma bo’lgan narsani unutganlarida yomonlikdan qaytarayotganlarida najot berdik, zulm qilganlarini esa qilgan fosiqliklari tufayli shiddatli azob ila tutdik» . (A’rof surasi, 164-165-oyatlar).

Ushbu oyati karimada «Gunoh ishdan qaytargan zotlarga najot berdik, zolim kimsalarni esa itoatsiz bo’lganlari sababli qattiq azob ila tutdik», deb xabar berilmoqda. Ammo u yerda yana bir guruh bor ediki, ular: » Ne sababdan Allohning O’zi (bu dunyoda) halok etadigan yoki (oxiratda) qattiq azoblaydigan qavmga pand-nasihat qilursiz?» deb, amri ma’ruf va nahyi munkarni tashlab qo’ydilar. Ular, Haqdan, Uning zikridan og’izlarini yumdilar. Alloh ham ularni zikr qilmadi va shu zaylda nomlari o’chib ketdi.

Ibn Abbos bu xususda: «Ular ham halok bo’lganlar bilan birga halok bo’lishgan», deb aytganlar. Ko’p Mufassirlar bu fikrga qo’shilganlar.

Alloh taolo barchalarimizni O’zining haq yo’lidan hidoyatidan ayirmasin. Amin!
Oltinsoy tuman «Qorliq» jome masjid imom xatibi Hamidulloh Turdiyev

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here