Hizbut tahrir (to‘la nomi «Hizbut tahrir al-islomiy» — «Islom ozodlik partiyasi») — norasmiy siyosiylashgan diniy tuzilma (oqim). 1953 yilda Isroilda paydo bo‘ldi. Asoschisi — shayx Taqiyuddin Nabahoniy (1909-1979).
Bu partiya siyosiy partiya bo‘lib, u fikrga bosh qurol sifatida suyangan holda islomiy xalifalikni qayta tiklashga chaqiradi.
Tashkilot vakillari ushbu nomdagi “hizb” so‘zini Qur’ondagi oyatlardan foydalanib olganlar. “Hizb” so‘zining lug‘aviy ma’nosi guruh, partiya, tobe kishilar demakdir. Umuman, nomida “hizb” so‘zi qatnashgan oqimlar bu so‘zni Qur’onda kelgani uchun ham foydalanadilar. Ular o‘zlarini “Allohning hizbimiz”, deb o‘ylaydilar. Holbuki, “shaytonning hizbi” ham borligini unutib qo‘yadilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda musulmonlarga qarata shunday degan:
وَلْتَكُن مِّنكُمْ أُمَّةٌ يَدْعُونَ إِلَى الْخَيْرِ وَيَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ
“Sizlardan yaxshilikka da’vat etadigan, amri ma’ruf va nahyi munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat bo‘lsin!…” (Oli Imron, 104).
Hizbchilar mazkur oyatni dalil qilib, bizmiz o‘sha ummat deydilar. Vaholanki, bu oyatdagi “sizlardan” so‘zidan arab tili qoidasi bo‘yicha ikki xil ma’no olish mumkin. Ya’ni sizlardan bir jamoat chiqib, yaxshilikka da’vat qilish, amri ma’ruf, nahyi munkar ishlari bilan shug‘ullansin, deb ham tushunish mumkin. Bu tafsirga ko‘ra, amri ma’ruf va nahyi munkar bilan shug‘ullanish farzi kifoya sanalib, ummatning hammasi emas, balki ma’lum bir qismi – ulamolar shug‘ullansa, shuning o‘zi kifoya qilib, boshqalarning zimmasidan bu vazifa soqit bo‘ladi. Ahli sunna ta’limoti bo‘yicha har bir musulmonning zimmasida qirqta muhim farz mas’uliyatlari bordir. Ezgulik, yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarib nasihat qilish o‘sha qirq farzning ichidan o‘rin olgan farz amallardandir. Hizbchilarning iddaosicha amri ma’ruf va nahyi munkarni shaxs emas islomiy davlat bajaradi, islomiy davlat yo‘q ekan hech kimga amri ma’ruf va nahyi munkar vojib bo‘lmaydi emish.
E’tibor qilib qaraydigan bo‘lsak, Taqiyuddin Nabahoniy “Hizbut-tahrir” partiyasini 1953 yilda, ya’ni hijriy 1372 yilda tashkil etgan. O‘shanda Rasululloh (sollal¬lohu alayhi va sallam) vafot etganlaridan so‘ng, taxminan, 1362 yil o‘tgan edi. Demak, bu iqtibosda esga olingan hukm haqqoniy bo‘lsa, nima deb o‘ylaysiz, shuncha vaqt, 1362 yil – qariyb 14 asr davomida, islom ummatida hech kim bu oyatga amal qilmay kelganmikin?! Chunki Rasulullohdan keyin Abu Bakr roziyallohu anhu davrida ham, Umar roziyallohu anhu davrida ham, keyinroq, umaviylaru abbosiylar davrida ham, qo‘yingki, oxirgi usmonli xalifalar davrigacha hech bir zamonda musulmon olimlar tarafidan ushbu oyatga amal qilish maqsadida alohida bir jamoa tuzib, bir kishini unga amir etib saylash fikri ko‘tarilmagan.
Hizb uchun siyosatdan boshqa sohalar hatto diniy bo‘lsa ham, doim ikkinchi darajali bo‘lib kelgan. Xatib va da’vatchilari ham xalqqa aksar holda siyosatdan nutq qilishadi. Xalqda norozilik kayfiyatini paydo qilish, isyonkorlik ruhiyatini singdirish kabi fitnali mavzularga ko‘proq urg‘u berishadi. Ular shu yo‘l bilan o‘zlarining fiqh, aqida, tafsir, hadis kabi Islomda asosiy o‘rin tutgan fanlarda no‘noq ekanliklarini yashirib kelishadi.

Sho’rchi tumani «Tolli ota» jome masjidi imom xatibi H.Rashidov

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here