Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, o‘n bir oyga cho‘zilgan sog‘inch va ishtiyoqdan so‘ng nihoyat oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, saxovatu duo, tarovehu Qur’on oyi bo‘lmish muborak mohi Ramazon o‘zining tarovati, saxovati va barakoti bilan olamga tashrif buyurib, boshimiz uzra rahmat soyaboni bo‘lib turibdi. Jannatmakon o‘lkamizning mo‘min-musulmonlari oylarning eng ulug‘i va eng fazilatlisi bo‘lmish bu oyni bir olam shodligu quvonch bilan kutib olmoqdalar. Hamma bir-biridan shirin, bir-biridan ezgu orzu umidlar og‘ushida. Kimdir Ramazon ro‘zasini bu yil to‘liq tutib, o‘ttiz kun mobaynida tarovehlarda Qur’on xatmiga some’ bo‘lib, ko‘plab savob orttirish niyatida bo‘lsa, kimdir bu sanoqli kunlar mobaynida Qur’oni karimni to‘liq o‘qib tushirish ilinjida. Kimdir, bu bebaho va betakror toat mavsumida o‘zini har tomonlama isloh etib, xatolarini tuzatish, hasad, ginayu kudurat, xusumat kabi ma’naviy illatlardan qalbini musaffo etib, o‘zi uchun pokiza hayot sahifasini ochishni qasd qilgan bo‘lsa, yana kimdir xayrli ishlar uchun boshqa vaqtlardagidan ko‘ra ko‘proq ajru savoblar beriladigan bu qimmatli fursatlarni g‘animat bilib, mehru muruvvat, saxovat va silai rahm kabi olijanob ishlardan imkon qadar ko‘proq zaxira to‘plash maqsadida Ramazonning kelishiga intiq.

Ha, azizlar, Ramazon mana shunday o‘xshashi yo‘q, fazilatda tengi yo‘q muborak oy. U ezgulik sayli, toat mavsumi, yaxshiliklar musobaqasidir. O‘tgan ulug‘larimiz Ramazonga shunday intiq bo‘lishar ediki, hatto oylar davomida “Ey Alloh, bizlarni Ramazonga eson-omon yetkaz!”, deya Yaratganga iltijolar qilardilar. Ramazon kelib, uning har lahzasini ezgu amallar uchun zaxira qilishgach, yana bir necha oylar davomida “Ey Alloh, bizdan Ramazondagi amallarimizni qabul et!”, deya tinmay duoda bo‘lardilar. Solih salaflarimizning Ramazonga munosabatlari ana shunday edi. U zotlar butunboshli yilga Ramazon orqali nazar solganlar. Ramazonni yilning asosi va mehvari deb bilganlar. Shu bois ham yarim yil davomida Parvardigordan Ramazondagi ibodatlarini qabul qilishni so‘rasalar, qolgan oylarni “Ramazonga yetkaz!” degan iltijo tillaridan tushmagan. Zero, Alloh taolo O‘zining buyuk irodasi va cheksiz hikmati taqozosi bilan o‘zi yaratgan maxluqotlarini fazl va ustunlikda bir-biridan farqli va tafovut qiladigan qilib yaratgan. Ba’zi makonlarni boshqasidan, ayrim zamonlarni o‘zgasidan ortiq va afzal qilib qo‘ygan. Oyu-kunlar orasidan ba’zilarini tanlab olib, ularni ezgulik mavsumlari, toat va ibodat kunlari, qurbat hosil qilish vaqtlari qilib belgilagan. Bular yil mobaynida hadya tariqasida berilgan rahmat nafhalaridir. Kim ularga e’tibor berib, yaxshiliklaridan bahramand bo‘lib qolsa, o‘sha haqiqiy baxtiyor kishidir.

Ana shunday rahmat nafhalaridan biri Ramazon oyidir. Bu oy boshqa oylarga nisbatan fazilatu ustunlikda bamisoli quyoshning boshqa sayyoralarga nisbatan ustunligi kabidir. Alloh taolo Ramazon oyini boshqa barcha oylardan oliy va mufazzal qildi. Uni ko‘plab buyuk fazilatlar va ulug‘ imtiyozlar bilan xosladi. Imom Tabaroniy Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): «Oylarning eng afzali Ramazon oyidir», deganlar.

Ramazon Qur’on oyidir. Qur’on bilan ro‘za oyi orasidagi mustahkam aloqa va bog‘liqlikni Ramazonning ilk kuni kirishi bilanoq har bir musulmon kishi o‘z qalbining tub-tubidan his etadi. Va o‘ta kuchli muhabbat va qiziqish bilan Rabbisining Kitobini mutolaa qilishga kirishadi. Uning oyatlari borasida tafakkur yuritadi, Unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat oladi. Masjidlar namozxonlar va Qur’on tilovat qiluvchilar bilan to‘lib ketadi. Dunyodagi bor masjidlarda Qur’oni karim xatmi boshlanadi. Va bu holat o‘zining lisoni holi ila butun olamga bu oy Qur’on oyi ekanligini baralla e’lon qiladi.

Alloh taolo dedi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir” (Baqara surasi, 185-oyat).

Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda har galgidan saxovatliroq bo‘lishga odatlanganlar. Davlatmand kishilar zakotlarini ham aynan Ramazonda ado etishlari ham shundan. Bu oyning barakasidan har bir uy bahramand bo‘lib, mo‘minlar qalbiga xursandlik va shodlik kirsin uchun odamlar alohida Ramazonga xos xayru ehsonlari bilan bir qatorda zakotlarini ham shu oyda chiqaradilar.

Bu zikr qilinganlar Ramazon oyining barcha fazilatlarini to‘la qamrab ololmaydi, balki, mazkur fazilatlar oldida daryodan ayrim tomchilar xolos. Yo‘qsa, uning fazilatu xususiyatlarini sanab adog‘iga yetkazish mushkuldir. Alloh taolodan yolborib so‘raymizki, bu muborak oyni, rahmat va mag‘firat oyini, do‘zaxdan najot beriladigan, duolar ijobat qilinadigan Ramazon oyini barchamizga xayrli va barakotli qilsin! Uni taqvo ne’matiga erishishimiz uchun vasila qilsin! Omin!

Surxondaryo viloyati Hakim-Termiziy jome masjidi imom-noibi Habibulloh domla Saidov

1 КОММЕНТАРИЙ

ОСТАВЬТЕ ОТВЕТ

Please enter your comment!
Please enter your name here