«Sabr» so’zining ma’nolaridan biri «tanglik ila o’zini tutib turish»dir. Sabrning istilohiy ma’nosi haqida ulamolar bir-birini to’ldiruvchi bir necha ta’riflarni aytganlar:
Rog’ib: » Sabr nafsni aql va shariat taqozo qilganidek tutib turishdir yoki ikkisi taqozo qilgan narsadan tutib turishdir», degan.
Munoviy; » Sabr hissiy va aqliy og’irlik va amallarga chidashdir», degan.
Sabrning ta’rifida aytilgan gaplardan:
Sabr nasfning fozil axloqlaridan biri bo’lib, qilinishi yaxshi va go’zal bo’lmagan narsalardan saqlanishdan iboratdir.
Sabr Qur’on va Sunnat ahkomlarida sobit turishdir.
Sabr balo yetganda go’zal obod ila turishdir.
Sabr iztirob paytida qalbning sobit turishidir.
Inson hayoti tinimsiz kurashlardan iborat. Bu dunyoda biz behisob va turli-tuman qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ushbu kurashlarda kishining zafar quchishi uning sabr-matonatiga bog’liq bo’ladi.
Aslida bu dunyoda bandaga yetgan musibat Alloh taoloning bandasiga yaxshilikni ravo ko’rishi hisoblanadi.
Bu haqda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar.
«Qaysi bir bandaga Alloh taolo yaxshilikni ravo ko’rsa, unga shu dunyoning o’zida jazo va uqubat beradi. Yomonlikni ravo ko’rsa, gunohini qiyomatga qoldiradi»
( Imom Termiziy rivoyati ).
Demak bu dunyoda boshimizga keladigan har qanday qiyinchilik yoki musibat aslida Alloh taoloning bizga yaxshilikni ravo ko’rishi bo’lar ekan.
Hayot yo’llarimizda biron bir qiyinchilik yoki musibatga yo’liqsak o’zimizga sabrni qalqon qilmog’imiz lozim bo’lar ekan.
Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirsam, u zot bemorlikdan qiynalayotgan ekanlar.
«Yo Rosululloh, siz bemorlikdan qattiq qiynalmoqdasiz-ku?!» — dedim.
«Shunday. Albatta, men bemorlikdan sizlardan ikki kishining qiynalganicha qiynalurman», — dedilar.
«Sizga ikki hissa ajr bo’lishi uchun shundaydir-da?» — dedim.
«Shunday. Huddi shunday, qay bir musulmonga biror musibat yetsa, biror tikon kirsa ham, albatta, Alloh uning sababidan o’sha bandaning yomonliklarini huddi daraxt o’z barglarini to’kkanidek to’kadi», — dedilar u zot».
Insonning boshiga kelgan musibat qanday bo’lmasin, uning ilk daqiqasidan sabr qilish — haqiqiy sabr bo’ladi. Bunday sabrga Alloh taolo jannatni va’dasini bergan. Bu haqda hadisi qudusiyda quyudagicha keladi:
Abu Umoma roziyallohu anhu Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi, U zot aytdilar: «Alloh taolo aytadi: «Ey Odam bolasi, Mendan savob umid qilib, musibatning ilk daqiqalaridan sabr qilsang, u holda sen uchun jannatdan boshqa mukofotga rozi bo’lmayman», — deydi» (Imom Ibn Moja rivoyati).
Alloh taolo tomonidan «banda uchun jannatdan boshqa mukofotga rozi bo’lmayman» deyilishi — juda katta gap. Bu sabrlilarga jannat vojib bo’lishiga dalolat qiladi. Zero Alloh bandaning jannatga kirishiga amr etar ekan, bunga hech kim va hech narsa to’sqinlik qilolmaydi.
Alloh taolo barchalarimizni boshimizga bir mashaqqat yo musibat tushganida O’ziga yolvoruvchi va O’zidan yordam kutuvchi taqvoli bandalari safidan joy bersin, O’zi va’da qilganiday, sabrlarimiz evaziga ulkan ajr-mukofotlarini ato etsin! Amin!
Oltinsoy tuman «Qorliq» jome’ masjid imom xatibi Hamidulloh Turdiyev.