Isrof so’zi lug’atda “chegaradan chiqish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa moddiy sarf xarajatlarda o’z ifodasini topadi.
Bu haqda Alloh taolo Quroni karimda shunday deydi: “Ular infoq qilganlarida isrof ham va xasislik ham qilmaslar. U ikkisi o’rtasida mo’tadil bo’lurlar”. (Furqon. 67)
Umar ibn Abdulaziz qizi Fotimani uzatayotganda Abdumalik ibn Marvon so’radi: — Qanday xarajat qilmoqchisan? — Ikki gunohning o’rtasidagi chiroyli holatda, — deb yuqoridagi oyatni tilovat qildi, Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh Ibn Kasirning tafsirida “Nafaqalarni hojatdan tashqari isrof qilib sovirib ham yubormaydi, o’z ahliga ularning haqlarini poymol qilib baxillik ham qilmaydi” deyilgan.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladi: “Yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar. Isrof va mutakkabirlik bo’lmasa bas”. ( Abu Dovud va Nasoiy rivoyati)
Hazrati Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “O’zinga va ahli baytinga isrof qilmasdan va sovurmasdan qilgan xarajating, sadaqa qilganing sen uchun bo’lur. Riyo va shuhrat uchun bo’lgani shaytonning nasibasidur”.
Shuni alohida aytishlik kerakki moliyaviy mablag’lar isrofidan tashqari har bir sohada ham isroflar bo’ladi. Shulardan mashhurrog’I — suvning isrofi. Suvning isrof bo’lish holatini har joyda kuzatish mumkin. Lekin ko’pchilik bunga e’tibor bermaydi. Holbuki suv — Alloh taolo bandalariga in’om etgan ne’matlarning saralaridandur. Bu ne’matni tejash kerak. Har bir sohada bo’lgani kabi suvning isrofi ham gunoh sanaladi. Hattoki ibodat uchun ishlatilganda ham isrof qilmaslik kerak. Bunga misol tariqasida Payg’ambar alayhissalomning ushbu so’zlarini keltirib o’taman Rasululloh sallollohu alayhi va sallam Sa’d ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhuning tahorat olayotib suvni me’yoridan ortiq ishlatganini ko’rib qoldilar. — Hoy, Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik? — dedilar. — Ey Allohning rasuli, tahoratda ham isrof bo’ladimi? — so’radi Sa’d raziyallohu anhu. — Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo’lsang ham, dedilar.
Endi yuqorida qisqacha keltirilgan fikrlardan xulosa oladigan bo’lsak, hayotda inson uchun eng zarur bo’lgan ishlardagi me’yorning ortig’i shunchalik isrof bo’lsa, to’y-maraka va boshqa ziyofatlardagi isrofgarchiliklarning yuki qanchalik og’ir bo’lishini tasavvur qilib ko’rish mumkin. Shuning uchun hayotda hamisha isrofdan uzoqda bo’laylik, chunki isrof baraka zavolidir.
Yahyo Ochilov
Termiz tumani bosh imom xatibi